Belarus xavfsizlik xizmati mamlakatning eng mashhur Telegram kanali asoschisi va uning sobiq bosh muharririni kuzatib boriladigan terrorchilar ro‘yxatiga kiritdi, deya xabar berdi Bloomberg.

Nexta va Nexta Live kanallarining asoschisi 22 yoshli Stepan Putilo va 25 yoshli Roman Protasevich Belarus fuqarolari bo‘lib, davlat xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan tuzilgan 700 dan ortiq «terroristik faoliyatga aloqador shaxslar» ro‘yxatiga kiritildi. 726 shaxsdan iborat bo‘lgan ushbu ruyxat 19 noyabr kuni KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) saytida yangilandi.

Protasevich sentyabr oyida kanalni tark etgan edi. Ro‘yxatga kiritish uchun asos sifatida Putilo va Protasevichning Belarus Jinoyat kodeksining ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish moddasini buzish holatlari ko‘rsatilgan. Shuningdek, bundan avval Putilo va Protasevichga nisbatan Jinoyat kodeksining jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan guruh harakatlarini tashkil etish va «kasbiy mansubligi asosida ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar» mazmunidagi moddalar bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan edi.

Nexta Live kanali avgust oyida mamlakat bo‘ylab politsiyachilarning namoyishchilarga qarshi shafqatsizlarcha qarshilik ko‘rsatganini va birgina poytaxtning o‘zida 100 mingdan ortiq fuqaro muntazam ravishda qatnashgan namoyishlarni yoritib borishda asosiy rol o‘ynadi. Hozirda ushbu kanallarning obunachilari mos ravishda 845 ming va 1,7 mlnga teng. Ushbu kanallar Belarusdagi saylovlar va norozilik namoyishlari boshlanganidan ko‘p o‘tmay mashhurlikka erishdi. Bir kun ichida Nexta Telegram kanalining obunachilari 400 ming kishiga ko‘paygan.

Belta davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, kanal oktyabr oyida «ekstremistik» deb topilgan va Belarusda kanaldagi materiallarni tarqatish yoki logotipini namoyish qilish taqiqlab qo‘yilgan. Beltaning xabar qilishicha, shu hafta Belarus hukumati Polshadan Putilo va Protasevichni topshirishlarini talab qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 15 noyabr kuni Minskda bo‘lib o‘tgan mitingda 1100 dan ortiq kishi hibsga olingan edi.