Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sababi — havo haroratining sovib ketishi yoki isib ketishi natijasida elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi tufayli yuzaga kelgani haqida xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, har qanday energiya tizimida uning barqaror ishlashi uchun har qanday vaqtda iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya muvozanati (balansi) ta’minlanishi muhim.

Ushbu jarayon iste’molchilarga elektr energiyasini ishonchli va uzluksiz yetkazib berish va energiya tizimining muammosiz ishlashini ta’minlash nuqtai nazaridan juda muhimligi va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi (yozda jazirama issiq mavsumidagi yoki qahraton qish mavsumidagi sovuq ob-havoda) kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta’minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qolayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

Energiya balansini ta’minlash mumkin bo‘lmagan holatlarda, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining dispetcherlik boshqarmasi iste’molchilarning bir qismini reja jadvaliga muvofiq cheklovlar o‘rnatishga majbur bo‘ladi. Ushbu grafiklar, qoida tariqasida, past kuchlanishli (0,4 kV, 6 — 10 kV) taqsimlash elektr tarmoqlarini o‘z ichiga oladi.

Bu harakatlar mamlakat energetika tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarning oldini olishga qaratilgan. Bu esa elektr energiyasini kechayu-kunduz muntazam ravishda monitoring qilib borish va dispetcher nazoratining o‘z vaqtida javob berish imkonini beradi.

«Bunda katta avariyalarni va butun mamlakatda iste’molchilar elektr energiyasi ta’minotidan uzilishini oldini olish uchun elektr energiyasi ta’minotida cheklovlar joriy etilishiga majburan olib keladi. Dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta’minlamasa, tizimdagi „zo‘riqish“ turli yirik avariyalarga sabab bo‘lib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiya bo‘lmasligiga olib keladi», — deya anikliq kiritdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘tgan yilning noyabr oyida Bosh vazir Abdulla Aripov gaz va elektr energiyasining uzilishi bilan bog‘liq vaziyatni uyatli deb atagan edi. Keyin hukumat rahbarining aytishicha, qish hali kelmagan bo‘lsada, mamlakat allaqachon energiya va gaz ta’minotida jiddiy muammolarni boshdan kechirmoqda.

«Gaz va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar o‘z ishlariga mas’uliyat bilan yondashmaydilar. Mas’ul rahbarlar hech qachon ommaviy axborot vositalarida salbiy holatlarga tushuntirishlar yoki daliliy javoblar bilan chiqishmagan», — dedi Abdulla Aripov.

Ushbu holatlarda jiddiy tizimli avariyalarning oldini olish uchun energiya tizimini rivojlantirish, uning energiya samaradorligini oshirish va tizimni energiya resurslari bilan ta’minlash sharoitlarini yaxshilash zarur. Ushbu vazifalarning O‘zbekistonda amalga oshirilishi prezidentning tegishli qarorlari bilan belgilanadi va Energetika vazirligining diqqat markazida bo‘ladi, deyiladi xabarda.