Namangan viloyatidagi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida ikkita energoblok avariyaviy to‘xtadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 20 noyabr kuni soat 15−51da To‘raqo‘rg‘on IESning 2 ta energobloki avariyaviy to‘xtadi. Buning natijasida mazkur stansiya orqali energotizimga yetkazib berilayotgan quvvat 600 MVtga kamaydi.

Buning oqibatida vodiy viloyatlari, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritildi.

Operativ tarzda o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, avariyaviy to‘xtash 2-energoblokining yuqori bosimli barabanidagi o‘lchov datchiklarining impuls liniyasi muzlab qolishi va buning oqibatida suv satxining ko‘tarilishi natijasida ro‘y bergan. 1-energoblok esa chastotaning pasayishi natijasida to‘xtagan.

Ushbu quvvat yetishmovchiligini qoplash uchun Taxiatosh IESda quvvati 280 MVt bo‘lgan 1-energoblok soat 16−30da ishga tushirildi. Hozirda 30 MVt quvvatda ishlamoqda. Soat 22−00ga qadar 200 MVt quvvatga chiqariladi.

Tolimarjon IESda quvvati 450 MVt bo‘lgan 2-energoblokning gaz turbinasi soat 16−11 da ishga tushirildi. Hozirda 300 MVt to‘liq quvvatda ishlamoqda, deya qayd etdi vazirlik.

Hozirda To‘raqo‘rg‘on IESda muzlagan himoya datchiklarini sozlash ishlari bajarilib, 2-energoblok soat 17−50 da tizimga ulandi. Ayni paytda 150 MVt quvvat bermoqda. Bugun soat 19−00 ga qadar quvvati 250 MVtga chiqariladi. 1-energoblok bugun soat 19−30 gacha ishga tushirilib, tizimga 200 MVt quvvat beradi. Natijada bugun soat 21−00 ga qadar ushbu energobloklarda 700 MVt quvvatga yetadi.

Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilish sababli Zirabuloq kompressor stansiyasida bugun soat 15−45 da 4 ta va 15−55 da G‘allaorol kompressor stansiyasida 4 ta gaz haydash agregatlarining vaqtincha to‘xtashi ro‘y berdi. Soat 16−35 ga qadar elektr ta’minoti tiklanib, kompressor stansiyalari shtat rejimda ishlashga o‘tdi.