19 noyabr kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumani “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Abdurahmonov Yahyo Ubaydullo o‘g‘li “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv kengashi raisi vazifasiga tayinlandi. Bu haqda “Vaqf” xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi yig‘ilishida e’lon qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Abdurahmonov Yahyo 1985 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 1999−2003 yillarda Buxoro shahridagi “Mir Arab” madrasasini tamomlagan. 2004−2008 yillarda Toshkent islom institutida ta’lim olgan. Shu davr oralig‘ida Misr Arab Respublikasidagi “al-Azhar” universitetida malaka oshirgan. 2009−2011 yillarda O‘zbekiston milliy universitetining Oliy jurnalistika fakultetida o‘qigan.

Ayni vaqtda Toshkent shahri Shayxontahur tumani bosh imom-xatibi, ushbu tumandagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi, Toshkent islom instituti “Tajvid” fani o‘qituvchisi va Xalqaro islom akademiyasining mustaqil tadqiqotchisi hisoblanadi.

Fondning avvalgi rahbari Iskandar Xalilov boshqa ishga o‘tkazildi.