Avvalroq, davlat rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingani haqida xabar bergan edik.

Hujjatga ko‘ra, «Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida"gi va «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan gidrometeorolog» unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunlar loyihalari ishlab chiqilishi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilanmoqda. Loyiha 2021 yil mart oyiga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, 2021 yil 1 fevralga qadar «Gidrometeorologik xizmat a’lochisi» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Ushbu qaror bilan 2020−2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Shu bilan birga, Gidrometeorologiya xizmati markazi kuzatuv tarmog‘ini kengaytirish va avtomatlashtirish bo‘yicha dasturi qabul qilinmoqda.

O‘zgidromet mamlakatda gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.

O‘zgidromet bosh direktorining axborot texnologiyalarini joriy etish va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda moliya-xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari joriy etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmasi tashkil etiladi. «Gidrometpribor» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi tugatiladi.

Bunga qadar, 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakultetini tashkil etish belgilangani haqida yozgan edik.