Prezidentning 17 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakultetini tashkil etish belgilanmoqda.

2021−2022 o‘quv yilidan boshlab Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti va boshqa xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida Toshkent gidrometeorologiya texnikumi tashkil etiladi. U O‘zgidromet tizimiga o‘tkaziladi.

Texnikum gidrometeorologiya sohasida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy o‘quv muassasasi, meteorologiya, gidrologiya, gidrometeorologiyada aloqa va kommunikatsiyalar sohasida kasb-hunar ta’limi bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi.

Texnikumda kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi va to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Texnikum Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi funksiyalarini bajaradi.

O‘zgidromet xodimlari Toshkent gidrometeorologiya texnikumida dastur asosida malakasi oshiriladi.

Qaror bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi «El-yurt umidi» jamg‘armasi 2021 yildan boshlab belgilangan tartibda O‘zgidrometning salohiyatli xodimlarini yetakchi xorijiy ta’lim, ilmiy va ixtisoslashtirilgan muassasalarda o‘qitish, malakasini oshirish hamda stajirovka o‘tashini tashkil etadi.

Shuningdek, ikki oy ichida gidrometeorologiya faoliyatida sun’iy yo‘ldosh va yerni masofadan zondlash texnologiyalaridan keng foydalanish, shuningdek, gidrometeorologik ma’lumotlar bilan almashish uchun ma’lumotlar uzatishning yagona telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratish dasturi ishlab chiqiladi.

O‘zbekistonda aviatsiyani meteorologik ma’lumotlar bilan ta’minlash sohasida Jahon meteorologiya tashkiloti va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.