Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18 noyabrdagi yalpi majlisida quyi palata spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov maktablarning katta qismida oshxonalar yo‘qligi, borlari ham talabga javob bermasligi haqida gapirdi.

Qodirovning ta’kidlashicha, 2020 yilgi davlat byudjetida maktablarda qurilish va kapital ta’mirlash masalalari bo‘yicha 1,5 trlnga yaqin mablag‘ ajratilgan.

«Lekin, bugun uch mingdan ortiq maktablarda oshxonaning o‘zi yo‘q, 7100 ta maktabda agar oshxona bo‘lsa, bularning ham 60 foizga yaqini talab darajasida emas», — deya qayd etdi.

Spiker o‘rinbosari bu masalaga mas’uliyat bilan e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

«Agar biz maktabda farzandlarimizni eng fiziologik-depressiv holatini yuzaga kelishini hisobga oladigan bo‘lsak, maktablarda jinoyatlarning yosharib ketayotgani, o‘qituvchilarga bo‘lgan bolalarni munosabati keskinlashishi, afsus bilan tan olib aytishimiz kerak, maktabga jinoyatni kirib kelgani bu albatta ovqatlanish bilan bog‘liq masala», — dedi Qodirov.

U xattoki qo‘shni davlatlarda maktablarga ovqatlanish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.

«Rossiya, qo‘shni davlatlarda maktablarda bepul ovqatlanish masalasini qo‘yishdi. Lekin biz, afsuski oshxonalar haqida gaplashayapmiz. Shu sababli biz maktablarni faqatgina qurish-ta’mirlash ishlarini emas, mana shu jarayonda albatta, barcha maktablarni 100 foiz oshxona bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanini, uchinchi uyg‘onish davrini ostonasi hisoblangan maktablarda muvaffaqiyatga erishishning garovi sifatida ko‘rilishini va kelgusi byudjetlarda hisobga olinishini iltimos qilgan bo‘lar edik», — dedi quyi palata spikeri o‘rinbosari.

Bundan tashqari, u iqtisodiyotning rivojlanishi uchun asosiy drayverlardan biri hisoblanmish xizmatlar tarmog‘ining YAIMdagi ulushi 36 foizdan biroz yuqori ekani maqsadga muvofiq emasligini qayd etdi. Bu xizmat turining YAIMdagi ulushi Qozog‘iston va Turkiyada 55 foizdan, Rossiyada 62 foiz atrofida ekani aytildi. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun ishbilarmonlarga qulayliklar yaratib berish lozimligi ta’kidlandi.