19 noyabr kuni SamAuto kompaniyasi 51-yo‘nalish (Yunusobod 6 kvartal — Beshyog‘och maydoni) bo‘yicha harakatlanadigan sinov elektrobusini «Toshshahartransxizmat» AJga taqdim etdi, deya xabar berdi avtozavod vakillari «Gazeta.uz»ga.

Ekspluatatsiya jarayonida SamAuto mutaxassislari o‘z elektrobusini ishlab chiqishda yo‘lovchilar va haydovchilarning fikrlarini hisobga olishadi, shuningdek mazkur modelning sifati va funksional vazifalari o‘rganiladi va ularning monitoringi olib boriladi.

«Ushbu elektrobus elektrotransport ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri BYD kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Bir martalik quvvatlantirish hisobiga 300 km masofani bosib o‘tadi, bu shahar avtobusining o‘rtacha bir kunlik masofa bosishiga mos keladi. To‘liq quvvatlantirishni elektr tarmog‘iga yuklama kamroq bo‘lgan paytda 3−4 soat ichida bajarish mumkin. Elektrobuslar xizmat ko‘rsatish jihatidan sodda, shovqinsiz hamda gaz va dizel transportiga qaraganda kam xarajat talab qiladi», — dedi SamAuto bosh direktori o‘rinbosari, marketing va sotuvlar bo‘limi rahbari Ilhom Yarashev.

Elektrobusning uzunligi 12 metrni, yo‘lovchilarni tashish hajmi — 76 kishini tashkil qiladi. «Uning pol qismi past bo‘ladi: zinapoyalar va podiumning yo‘qligi tufayli yo‘lovchilar, shu jumladan pensionerlar, aravachalarda harakatlanuvchi yo‘lovchilar, alohida ehtiyojli kishilar salon bo‘yicha erkin harakatlana oladilar. Shuningdek, elektrobus videokuzatuv kamerasi va avtomatik havo namligini saqlash va isitish tizimi bilan jihozlangan», — deyiladi kompaniya xabarida.

2030 yilgacha Atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston ijtimoiy transportining kamida 50 foizi zararli moddalarni havoga chiqarishni kamaytirish uchun muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tishi kerak.