Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bachadon bo‘yni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish bo‘yicha Global strategiyasini taqdim etdi. Bu haqda BMT yangiliklar xizmati xabar berdi.

Buning uchun 15 yoshgacha bo‘lgan qizlarning 90 foizini odam papilloma virusiga qarshi emlash bilan ta’minlash; ayollarning 70 foizini 35 yoshida va yana takroran 45 yoshida profilaktik tekshiruvdan o‘tkazish; bachadon bo‘yni kasalligi tashxisi qo‘yilgan ayollarning 90 foizini davolashni ta’minlash zarurligi ta’kidlanmoqda.

«Bir paytlar har qanday saraton kasalligini bartaraf qilish shunchaki orzuga o‘xshar edi, ammo endi bizda uni amalga oshirish uchun moliyaviy samarali va dalillarga asoslangan usullar mavjud, — dedi JSST Bosh direktori doktor Tedros Adxanom Gebreyesus, — ammo, biz ushbu maqsadga dunyoning barcha davlatlari taklif qilingan tadbirlarni amalga oshirishga intilgandagina erisha olamiz».

Ushbu vazifalar uchun mablag‘ ajratilishi iqtisodiyot va jamiyat uchun katta foyda keltirishi mumkinligi strategiyada ta’kidlangan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, 2050 yilgacha va undan keyingi davrda ayollarning iqtisodiy jarayonlarda faolligi tufayli har bir investitsiya qilingan dollar uchun 3,2 dollar iqtisodiyotga qaytadi. Ayollar sog‘lig‘ini yaxshilash ularning oilalariga, mahalliy jamoalarga va umuman jamiyatga ijobiy ta’siri ko‘rib chiqilsa, bu 26 dollarga ko‘tariladi.

Bachadon bo‘yni saratoni kasalligini erta aniqlash orqali oldini olish va davolash mumkin, deyiladi xabarda. Biroq, bu dunyo bo‘ylab ayollar onkologik kasalliklarinining tarqalganlik ko‘rsatkichida to‘rtinchi o‘rinda turadi. Bachadon bo‘yni saratoni bilan kurashish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmagan taqdirda, 2018 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan yangi kasalliklarning yillik soni 570 mingdan 700 minggacha, o‘limlarning yillik soni esa 311 mingdan 400 minggacha ko‘payishi kutilmoqda. Daromad darajasi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlarda kasallikka chalinish holatlari deyarli ikki baravar ko‘p, o‘lim darajasi esa daromadi yuqori mamlakatlarga qaraganda uch baravar ortiq.

2019 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi Milliy emlash kalendariga binoan inson papilloma virusiga qarshi vaksinani joriy qilganligini e’lon qilgan edi.