Oktyabr oyida yevro xalqaro to‘lovlar uchun eng ko‘p qo‘llanadigan valyutaga aylandi. Bu holat 2013 yil fevral oyidan beri birinchi marta kuzatildi. Bloomberg bu haqda SWIFT ma’lumotlariga asoslanib xabar bermoqda.

SWIFT dunyoning 200 mamlakatidagi 11 ming dan ortiq moliyaviy tashkilotlarning transchegaraviy to‘lovlarini amalga oshiradi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, SWIFT orqali oktyabr oyida xalqaro to‘lovlarning 37,8 foizi yevroda, 37,6 foizi dollarda amalga oshirildi.

Foto: Bloomberg

Bloomberg ta’kidlashicha, dollar valyutasida xalqaro to‘lovlar ulushining pasayishiga pandemiya, retsessiya va siyosiy beqarorlik tufayli jahon savdosining pasayishi sabab bo‘ldi.

AQSH valyutasining eng yuqori ko‘rsatkichi 2015 yilning aprel oyida kuzatilgan, unda xalqaro to‘lovlarda dollar ulushi 45,3 foizni tashkil etgan. YeI valyutasining ulushi shu davrda (2015 yilning aprel oyi) eng kichik qiymatni, ya’ni 27,1 foizni tashkil qilgan.

Dollar valyutasi mart oyiga nisbatan 11 foizga zaiflashdi. Mutaxassilarning fikriga ko‘ra, AQSH valyutasining zaiflashuvi hali davom etadi.