Toshkentning Gagarin ko‘chasidagi daraxtlarning kesilishi masalasiga Davlat ekologiya qo‘mitasi izoh berdi. Unga ko‘ra, oltita daraxt tabiiy omillar ta’sirida zararlanib, qurigan daraxtlar qonuniy kesilgan, shuningdek, bir dona chinor daraxti Chilonzor tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan noqonuniy kesilgan.

Xabarda aytilishicha, Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan holat o‘rganilganda, Chilonzor tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan aholining ko‘p sonli murojaatlariga asosan yuqorida bayon etilgan manzilda qurigan daraxtlarni sanitar kesish yuzasidan xulosa taqdim etish to‘g‘risida murojaat qilingan. Mazkur murojaat joyiga chiqib o‘rganilgan, fuqarolarning sog‘lig‘i hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan, oltita qurigan hamda kasallangan daraxtlarga xulosa berilgan.

Qo‘mita matbuot xizmati xabariga asosan, 2020 yil 18 noyabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi, Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Chilonzor tumani Obodonlashtirish boshqarmasi hamda jamoatchilik vakillaridan iborat guruh holat joyiga chiqib, bayon etilgan masalani joyida o‘rganishgan.

«O‘rganish yakunlariga muvofiq oltita daraxt tabiiy omillar ta’sirida zararlanib, qurigan daraxtlar qonuniy kesilganligini, shuningdek, bir dona chinor daraxti Chilonzor tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan noqonuniy kesilganligini ma’lum qiladi», — deb aniqlik kiritdi Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Noqonuniy kesilgan daraxt yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Ekologik muhitga keltirilgan zarar 42,9 mln so‘mni tashkil etdi. Ushbu zararni undirish uchun hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.