18 noyabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors ishi bo‘yicha Toshkent shahar ma’muriy sudi qarori ustidan appelyatsiya shikoyatini kiritdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

30 oktyabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi UzAuto Motors AJning shikoyat arizasini qanoatlantirgan edi. Sud jarayonlarining bir qismi аризачи — UzAuto Motors vakili tomonidan sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi kiritgan iltimosnomasi bilan yopiq tarzda ham ko‘rilgandi. Mazkur ish sudya G‘olibjon Davlatov raisligida ko‘rib chiqilgan. Sud qo‘mitaga arizachi UzAuto Motors foydasiga shikoyat keltirishda to‘langan davlat boji 2 230 000 so‘m va pochta xarajatlari undirish belgilangan edi.

Bunga qadar, sud jarayonlari davom etayotgan vaqtda, UzAuto Motors qo‘mitani maqolalarni o‘chirtirish va o‘zgartirish orqali OAVga bosi o‘tkazayotganlikda ayblagandi. «Dushanba kuni MQKQ rasmiy vakillari bizning da’voimiz yuzasidan 16 oktyabr kuni o‘tgan uchinchi sud majlisi borishini yoritgan OAVga bosim o‘tkazishga urinib ko‘rganlar», — degan edi UzAuto Motors yuridik boshqarmasi direktori Rustam Shaymardonov.

Shundan so‘ng, AOKA UzAuto Motors kompaniyasining Antimonopoliya qo‘mitasi sud jarayonini yoritayotgan OAVga bosim o‘tkazgani haqidagi ma’lumotini o‘rganib chiqib, ayblov isbotini topmaganini ma’lum qilgan.

Voqealar rivoji davomida qo‘mitaning matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga qo‘mita barcha muammolarni qonuniy tarzda hal qilish pozitsiyasini saqlab qolishini ta’kidlagandi. Qolaversa, ma’muriy ish yakunlangach, sud qarori ustidan shikoyat kiritishini aytgandi.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risdagi kodeksning 202-моддасиga muvofiq, hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni apellyatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida deputatlar tomonidan UzAuto Motors «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya qilayotganligini tekshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisiga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi. 19 avgust kuni esa Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini 3mln so‘mdan 19 mln so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shuningdek, mart oyidan buyon, ya’ni yangi asossiz oshirilgan narxlarda avtomobillarni sotib olgan mijozlar bilan qayta hisob kitob qilish topshirig‘i berilgan edi.

UzAuto Motors esa bunga javoban «avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz» deya javob qaytargan edi.