Samarqand viloyat Oqdaryo tumanida 18 noyabr kuni avtobus avtomashinasi 20 nafar yo‘lovchi bilan yo‘l-transport hodisasiga uchradi, deb xabar bermoqda Zarnews nashri.

18 noyabr kuni soat taxminan 22:30 da haydovchi A.I. boshqaruvida bo‘lgan «GOLDEN DRAGON» rusumli avtobus avtomashinasi 20 nafar yo‘lovchi bilan Oqdaryo tumani Paxtaobod mahallasi, Mustaqillik qishlog‘i hududidan o‘tuvchi «Samarqand-Buxoro» M-37 avtomobil yo‘lining 13-kilometrida boshqarib kelayotgan vaqtida, asfalt qismi sirpanchiq bo‘lganligi bois haydovchi avtomashina boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomon chetki qismidagi pastlikka ag‘darilib ketishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisasi tufayli avtobusda yo‘lovchi sifatida kelayotgan fuqarolar A.B. va F.R.lar turli darajadagi tan jarohatlari olib, Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyga tezkor-tergov guruhi a’zolari chiqqan va hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.