Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining joriy yilning 9 oyi davomidagi ijrosi to‘g‘risida axborot berilayotgani haqda xabar qilgan edik.

Hisobotdan so‘ng, deputatlar tomonidan mutasaddi vakillarga savollar berildi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputati Umid Jabborov ortiqcha to‘langan soliq summalari va uni qaytarish masalasiga e’tibor qaratdi.

«Hisobotda 2020 yil 1 oktyabr holatiga, 126 mlrd so‘m ortiqcha to‘langan soliq summalari keltirildi. Soliq kodeksiga asosan, ortiqcha to‘langan soliq summalariga Markaziy bankning tegishli qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar hisoblanishi va to‘lab berilishi belgilab qo‘yilgan. Savol: ortiqcha to‘lovlar uchun soliq to‘lovchilar foydasiga qancha foizlar hisoblangan, qaysi manbalardan undirib berilgan? O‘zi bu bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqilganmi?», — deya murojaat qildi deputat.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev mazkur savollarga javob berar ekan, bu Soliq kodeksining 104−105 moddalarida aniq belgilab qo‘yilgani, ortiqcha to‘lov bo‘lsa, qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida qaytarib berilishini ta’kidladi. U, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliq tadbirkorlik sub’ekti o‘zi murojaat qilsa yoki sudni qarori chiqsa qaytarilishini ham aytib o‘tdi.

«Yaqin kunlarda Moliya vazirligi bilan qaytarib berish tartibini qabul qilamiz. Ma’lumot uchun aytmoqchiman, 126 mlrd so‘m yil boshida 167 mlrd bo‘lgan. Tadbirkorlardan bizga to‘lab beringlar yoki oldindan byudjetga to‘lab qo‘yinglar deyilgani hisobiga emas, balki, soliq to‘lovchining o‘zi hisobot davriga kelib, oyni boshida to‘lovni amalga oshirgani uchun hosil bo‘lgan raqam. Umumiy bir oyda 10 trln soliq tushumlari tushadi, ortiqcha to‘langan 126 mlrd so‘m — o‘tish qoldig‘i, bu — normal raqam hisoblanadi», — dedi qo‘mita raisi.

DSQ raisi, shuningdek, soliq organlari 3 oydan beri inkassa topshiriqnomalari to‘liq avtomatlashtirganini qayd etdi.

«Butun mas’uliyatni zimmamga olib aytishim mumkinki, tuman, viloyat darajasida ham inkassa jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan va inson omili cheklangan. Tadbirkorlik sub’ektlarida mablag‘ni majburiy undirib olishga ta’sir qilmaydi, buni faqat qo‘mita yuritadi. Inkassani qo‘yishga qo‘mitada ham bitta menda va mas’ul departament direktorida vakolat bor», — dedi Sherzod Qudbiyev.

Qudbiyevning qo‘shimcha qilishicha, tadbirkorlik sub’ektlarining aylanma mablag‘larini soliq organi rahbarining u yoki bu qaroriga asosan olib qo‘yish mumkin emas, olingan inkassani qaytarish imkoniyati ham mavjud emas.