Voyaga etmagan II guruh nogironligi bo‘lgan qiz K. K. (bosh harflari o‘zgartirilgan) Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida 65 yoshli qo‘shnisi F. Yu. tomonidan muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Bu haqda jabrlanuvchining onasi ijtimoiy tarmoqlarda ochiq videomurojaatida xabar bergan.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, 5−10 yil oldin bo‘lib o‘tgan janjalda qo‘shnisi R. Yu. qizini katta bo‘lganida fohishaga aylantirish bilan qo‘rqitgan.

«Eri Rossiyadan qaytib kelganidan keyin ular biz bilan inoqlashib ketishdi, keyin hammomimizni ta’mirlab berishib, ichimizga kirib olishdi. Qizim maktabda yaxshi o‘qiydi, lekin „ayollar masalasida“ biroz orqada qolgani uchun olib chiqib, „qizim, hamma qizlar shunaqa, baxtli hayot kechirishing kerak. Ota-onang seni jinni deb ko‘chaga chiqarmaydi“, deb zo‘rlab, nomusiga tekkan», — dedi ayol.

«Sputnik Uzbekistan» qizning onasiga tayanib yozishicha, u qizining ilmga chanqoqligini ko‘rib, pandemiya vaqtida onlayn o‘qishi uchun unga planshet olib bergan. Internetdan foydalanish davomida qiz tasodifan pornografik videorolikka guvoh bo‘lgan va uni onasiga ko‘rsatib, «Bu baxtli hayot, falonchi amaki aytdi…», deya o‘zi va qo‘shnisi o‘rtasida yuz bergan holatlar haqida aytib bergan. O‘shanda ona ilk marotaba shunda qizi 65 yoshli qo‘shnisi tomonidan zo‘rlanayotganligini bilib qolgan.

Ayolning tasdiqlashicha,uyining derazalari mixlab qo‘yilgan bo‘lgan, qo‘shni o‘zining g‘arazli maqsadiga yetish uchun ana shu mixlarni sug‘urib, derazadan tushgan va har gal shu deraza orqali uyga kirib turgan. Qizini esa: «Onangga aytma, baxtli bo‘lasan, qizim, nogiron bo‘lganing uchun senga bu haqda gapirishmagan, aslida hamma shunday qilib, erga tegadi» kabi so‘zlar bilan aldab kelgan.

«Og‘riqni qoldirish maqsadida yoki homilador bo‘lib qolmasligi uchunmi, „gripp bo‘lmaysan“, deb qizimga allaqanday dorilar ichirib kelgan», — deydi qizning onasi.

Jabrlanuvchining onasi 30 oktyabr kuni e’lon qilingan videomurojaatida u huquq-tartibot idoralariga bir necha bor murojaat qilganini, ammo ular jinoiy ish qo‘zg‘ashdan bosh tortib, unga «aqldan ozgandek» qarashganini aytdi.

Andijon viloyati IIB 5 noyabr kuni mazkur videomurojaatga munosabat bildirdi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 26 sentyabr kuni Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro K.I. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida qo‘shnisi Yu.F. voyaga yetmagan qizi bilan 3−4 oydan buyon jinsiy aloqada bo‘lib, unga nisbatan uyatsiz, buzuq harakatlar sodir etganligini ma’lum qilgan va Yu.F.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rib berishni so‘ragan.

Ushbu murojaat shu kuni Paxtaobod tumani IIB navbatchilik qismi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, tuman tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Tergov harakatlari jarayonida sudga oid tibbiy, fizika-texnika va psixiatriya ekspertizalari o‘tkazilgan. Tekshiruv harakatlari yakuniga ko‘ra, fuqaro Yu.F. voyaga yetmagan M.A. bilan 2018 yildan buyon, uning 16 yoshga to‘lmaganligini anglagan holda jinsiy aloqa qilib kelganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Paxtaobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 4 noyabr kuni fuqaro Yu.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.