Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda moliya vaziri Timur Ishmetov davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining joriy yilning 9 oyi davomidagi ijrosi to‘g‘risida axborot berdi.

Hisobotdan so‘ng, savol-javob qismiga o‘tildi. Unda Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova hisobotda 9 oyda tabiiy gaz qazib olish 19,6 foizga, gaz kandensati ishlab chiqarish 34,7 foizga kamaygani aytilganini qayd etdi.

«Bunga savol berganimizda, dunyo bozorida gazga talab kamaygani deb izohlandi. Ichki bozorda aholining talabi kundan-kunga oshib borayotgan bo‘lsa, bu holatni ularga qanday qilib tushuntiramiz? Shu o‘rinda, kichik tadbirkorlardan ham byudjetga tushum tushadi. Ularni esa qish oldidan gaz tarmog‘idan uzishga majbur bo‘layapmiz. Yana bir savol, hisobotda elektr energiyasini texnologik sarfi va uzatishdagi yo‘qotishlari 9 mlrd kVt soat, bu jami ishlab chiqarilgan energiyaning 18,8 foizini tashkil qilar ekan. Bu holatni qanday izohlaymiz? Biz saylovchilarga nima deb javob beramiz», — dedi deputat.

Ushbu savolga energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev javob berdi.

«O‘zbekistonda tabiiy gaz faqat „O‘zbekneftegaz“ tomonidan emas, balki, qo‘shma korxonalar tomonidan ham amalga oshiriladi. Ma’lum bir davr ichida qo‘shma korxonalar eksportni to‘xtatganligi tufayli qazib chiqarishni kamaytirishgan. Ichki bozorga tabiiy gazni yetkazib berishga mas’ul bo‘lgan „O‘zbekneftegaz“ qazib chiqarish suratlarini yaxshilash bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Haqiqatdan ham biz ko‘zlangan talab ko‘rsatkichlariga erishdik deb ayta olmayman. Lekin, bu yil o‘tgan yildan farqli o‘laroq, qazib chiqarish suratlarini pasayish tendensiyalari to‘xtatildi. Va bu keyingi yil o‘z samarasini beradi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Sherzod Xodjayev elektr energiyasini ishlab chiqarishda ishlab chiqarilgan energiyaning 18,8 foizi texnologik sarf va uzatishdagi yo‘qotishlar bo‘lganini sohaning ichki iste’moli deb baholadi.

Sherzod Xodjayev. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz»

«Men bu ko‘rsatkichni boshqacharoq baholagan bo‘lar edim. Bu sohaning ichki iste’moli. Chunki, bunda nafaqat tarmoqlardagi yo‘qotishlar, balki, elektr energiyani ishlab chiqarishda bir qismi stansiyalarning o‘zida sarflanishi bilan izohlanadi. Hech bir davlatda bu ko‘rsatkich 10−11 foizdan pastga tushmagan, 2025 yilga qadar 18,8 foizdan 15 foizgacha kamaytirish, 2030 yilgacha 12,5 foizgacha tushirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan», — deya ta’kidladi vazirlik vakili.

Uning ta’kidlashicha, bu yil suv tanqisligi natijasida gidroelektr stansiyalarida ko‘zlangan miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati bo‘lmagan. Yillik prognoz ko‘rsatkichlari 76 foizga bajarilishi kutilmoqda. Buning o‘rnini qoplash uchun elektr energiyasini IESlarda ishlab chiqarishga to‘g‘ri kelingan. Bu esa, o‘z navbatida sohaning ichki iste’moliga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Avvalroq, energetika vaziri o‘rinbosari Behzot Normatov Rossiya kompaniyasi «Lukoyl» Xitoyga «ko‘k yoqilg‘i» eksportini butunlay to‘xtatganini inkor etgandi. U shuningdek, «Gazeta.uz»ga 2020 yilda «Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga birlamchi 5 mlrd kub metr gaz sotganinin aytgan edi.