30 noyabrdan boshlab elektron kundalik uchun obuna boshlanadi va to‘lovlarni amalga oshirish orqali undan foydalana olish huquqi beriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Elektron kundalik platformasiga obuna narxi qog‘oz kundalikning o‘rtacha narxiga teng — 9 200 so‘m. Uch va undan ortiq farzandi bor oilalar uchun 10 foizlik chegirma mavjud. Ushbu miqdorni to‘lab, ota-ona va o‘quvchining istagan boshqa yaqin qarindoshlari bir kalendar yil davomida bolaning maktab hayotini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Elektron to‘lovning ikki yo‘li mavjud: plastik karta hamda CLICK to‘lov tizimi orqali. Elektron kundalik uchun to‘lovni amalga oshirish yo‘riqnomasi bilan bu yerda tanishish mumkin.

Elektron kundalikda ota-onaning bitta akkauntiga har bir farzandini «bog‘lash» mumkin. Buning uchun o‘quvchi ta’lim olayotgan muassasaga murojaat qilish lozim.

«Avvalgidek, maktablar uchun byudjet mablag‘lari hisobiga sotib olingan qog‘oz muqobilida bo‘lgani kabi, o‘qituvchilar uchun elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Ko‘p yillar davomida elektron jurnal va kundalik qo‘llanilayotgan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘qituvchilar uning yordami bilan har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa o‘qituvchi bolalar bilan ijodiy shug‘ullanishga yoki qo‘shimcha o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga sarflashi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi XTV matbuot xizmati.

Bundan tashqari, Kundalik.com TAS-IX hududida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalaniladigan internet-trafik sarflanmaydi. Foydalanuvchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar «O‘zbektelekom» serverlarida saqlanadi. «Bu esa, o‘quv jarayonidagi barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoyada ekanligini anglatad», — deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan avval, 1200 ta maktablarda elektron kundalikdan foydalanish yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lum qilingan edi. Hozirga qadar 1557 ta maktab elektron kundalik tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, shundan 1482 maktab qog‘oz jurnal va kundalikdan butunlay voz kechgan.