Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari ayblov xulosasi bilan yakunlanib, ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudiga yuborildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tergov davomida Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi mansabdor shaxslariga [5 nafar] nisbatan Jinoyat kodeksining 116 (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik), 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 209 (Mansab soxtakorligi), 228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan ayb e’lon qilingan.

Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, himoyasi ostidagi shaxs e’lon qilingan ayblovlarga iqror bo‘lmagan.

«Himoyam ostidagi Guljahon Yo‘ldosheva ayblovlarga iqror emas, u o‘zining aybsizligi va barcha e’tirozlarini sudda bayon etmoqchi. Tergovda jabrlanuvchilar bilan 6 marotaba yuzlashtirishdi, lekin birortasida ham Yo‘ldoshevaning aybi isbotlanmadi. Hozir taqdim qilingan ayblov bo‘yicha 20 ta epizod taqdim qilingan», — dedi advokat.

Toshkent viloyati bosh infeksionisti tergov hulosasini, o‘ziga tushunarli bo‘lgan rus tilida taqdim etilishini so‘ragan. Sud muhokamalari qachon boshlanishi hozircha ma’lum emas. Advokatning aytishicha, sud ishini Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi raisi [Sunnatillo Allakulov — tahr.] ko‘rib chiqadi.

Advokat, shuningdek, Chirchiq shahar prokuraturasi ayblovlari asossiz ekani, asosan, bemorlarga ko‘p ovqat berilgani, ishchi-xodimlarga ortiqcha oylik to‘langanini ro‘kach qilishayotganini qayd etgan. Uning aytishicha, aslida, tibbiyot xodimlari hanuzgacha rag‘batlantirish pullarini olishmagan.

Bundan tashqari, Yo‘ldoshevaning advokati cheklovlar juda qat’iylashtirilgani, uy qamog‘idagi shaxsga o‘rnatilgan «braslet» [elektron kuzatish vositasi] yetmaganidek, tibbiy yordamga borib kelishda ham ichki ishlar xodimlari tomonidan nazorat qilinayotgani va ortiqcha bosim o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 10 avgust kuni fuqaro Sh. Minbayev Chirchiq prokuraturasiga qarindoshi F.Rustamov 1 avgust kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishi oqibatida 2 sentyabr kuni sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganini ma’lum qilgan. Yo‘ldoshevaning advokati mazkur ayblov o‘z tasdig‘ini topmasdan turib, OAVda keng tarqalishining o‘ziyoq, ayblanuvchining oilasiga ham ruhiy bosim o‘tkazmoqda. Sababi, ikki oila farzandlari o‘zaro tanish va F.Rustamovning farzandlari Yo‘ldoshevaning farzandlariga nisbatan ruhiy bosim o‘tkazishgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva 250 mln so‘mdan ziyod mablag‘larni talon-toroj qilish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarash ayblari bilan qamoqqa olingandi. U 8 sentyabr kuni Chirchiqdagi go‘zallik salonida qo‘lga olingan. Saida Mirziyoyeva Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jazo chorasini o‘zgartirishni so‘ragach, u uy qamog‘iga o‘tkazilgandi. O‘shanda huddi shunday so‘rov Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham bildirilgan edi.