Avvalroq O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical vaksinasini uchinchi bosqich sinovlaridan o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida, keyinchalik esa uning olib kelingani haqida xabar bergan edik. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilg‘or texnologiyalar markazining o‘rinbosari Alisher Abdullayev Maxima radiosiga nima uchun aynan Xitoy vaksinasi tanlanganligini va sinovlar qanday o‘tkazilishi haqda so‘zlab berdi.

— Nega Xitoy vaksinasi tanlandi?

— Ushbu vaksinaning tanlanganiga sabab, u nisbatan xafvsizroqdir, chunki u XXRda o‘tkazilgan birinchi va ikkinchi bosqich sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Shuni ta’kidlash kerakki, barcha sinovlar JSST tomonidan reglamentlashtirib va sertifikatlashtirib borilmoqda. JSST talabiga ko‘ra, sinovning uchinchi bosqichi katta masshtablarda o‘tkazilishi kerak va shu sabab sinovlar turli xil davlatlarda 30 mingga yaqin ko‘ngillilar ishtirokida o‘tkaziladi.

Nega u xavfsiz? Chunki u tavsiya qilingan platforma asosida yaratilgan. Ya’ni bir nechta turdagi vaksinalar bor — masalan adenovirusli, tarkibida kuchli bo‘lmagan virusli vaksinalar. Ushbu holatda organizmga virus yuborilmaydi, balki koronavirus oqsili yuboriladi. Va bu xavfsiz hisoblanadi.

— Ko‘ngillilarni tanlab olish qanday amalga oshiriladi?

— Ko‘ngillilar quyidagi mezonlarga to‘g‘ri kelishiga qarab tanlab olinadi: hech qanday jiddiy va surunkali kasalliklari bo‘lmagan, jumladan COVID-19 bilan kasallanmagan yoki uni boshidan o‘tkazmagan, 18 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan ayol va erkaklar.

Shuningdek, ko‘ngillilarni sinovlarga jalb qilish uchun OAVlarga e’lonlar beriladi. Tanlash vaqtida barcha ko‘ngillilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Hozirning o‘zida ham juda ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda. Ta’kidlash kerakki, barcha ko‘ngillilar ham haqiqiy vaksina bilan emlanmaydi, ularning yarmiga platsebo beriladi. Bizda hammasi shaxsiy hoxish-istakka ko‘ra amalga oshiriladi, hech kim majburiy jalb qilinmaydi.

— Uchinchi bosqich sinovlar samaradorlikni aniqlash uchun amalga oshiriladi

Bir narsani aytib o‘tish kerakki, doimo uchinchi bosqich sinovlardan maqsad samaradorlikni aniqlash hisoblanadi. Vaksinaning zararlilik darajasi birinchi va ikkinchi sinovlarda tekshiriladi. Ya’ni emlangandan keyin insonlar koronavirus bilan zararlanadimi yoki yo‘q, bu qanchalik samarali ekanligi sinovdan o‘tkaziladi. Sinovlar nafaqat O‘zbekistonda, boshqa turli mamlakatlarda ham o‘tkaziladi. Shuningdek, sinovlarning bu bosqichi hatto bir yilgacha cho‘zilishi mumkin.

— Ko‘ngillilarga pul to‘lanadimi?

— Jahon standarti tajribasiga ko‘ra, barcha ko‘ngillilarga pul to‘lanadi va barcha qatnashchilar sinovlardan oldin turli xil zararlarga, yon ta’sirlarga qarshi tibbiy sug‘urta qilinadi. Shuningdek, agar sinovlar davomida kimdir vafot etsa, o‘lim sababi aniqlanmasidanoq sinovlar to‘xtatiladi. Ya’ni sabab aniqlangunicha kutilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy vaksinasi sinovining uchinchi bosqichi 5 mingga yaqin o‘zbekistonliklarda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, O‘zbekiston vaksinani imtiyozli narxlarda sotib olishi mumkin.