UzAuto Motors talabning ortishi sababli uchta avtomobil modelini ishlab chiqarishni ko‘paytirdi, deya xabar berdi avtokonsern matbuot xizmati.

Kompaniyaning «Gazeta.uz» ga bergan xabariga ko‘ra, yanvar-oktyabr oylarida UzAuto Motors Damas ishlab chiqarish hajmini 3 foizga, shuningdek, Spark AT — 20 foizga va Nexia AT — 43 foizga oshirdi.

Qayd etilishicha, shartnoma tuzilganidan so‘ng xaridor o‘z mashinasini 1 kundan 10 kungacha olishi mumkin.

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida UzAuto Motors 59252 ta (2019 yilning shu davriga nisbatan 55,7% ko‘p) Cobalt, 52689 ta Nexia (1%), 39960 — Gentra (36,4%) 39631 — Damas (7,6%), 19980 — Spark (29,9%) va 6259 — Labo (16,5% ga) ishlab chiqardi. Ushbu modellarning barchasi kichik tugunli yig‘ish usuli (CKD) yordamida yig‘iladi. Malibu va Tracker avtomobillari keng ko‘lamli tugun yig‘ish usuli (SKD) yordamida ishlab chiqariladi, shuning uchun ular statistikaga kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda UzAuto Motors kompaniyasining sof foydasi 2,65 trln so‘mdan oshdi. Uchinchi chorakda kompaniyaning sof foydasi 1,17 trln so‘mdan oshgan bo‘lsada, bu o‘tgan yilning shu davriga mos ko‘rsatkichlarga (2,28 trln so‘m) nisbatan qariyb ikki baravarga (94 foizga) kam. «Gazeta.uz» avtomobillar ishlab chiqaruvchisidan pasayish sababini bilish uchun izoh so‘radi.

Ma’lumot uchun, kompaniya 2019 yil 1 oktyabrdan QQS bo‘yicha imtiyozlardan mahrum bo‘lgan edi.

21 oktyabr kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda to‘rtinchi chorakda avtomobillar ishlab chiqarishni 62 ming donaga yetkazish, eksportni 165 million dollarga yetkazish, shuningdek tashqi bozorda butlovchi qismlar va ehtiyot qismlarni sotishni boshlash zarurligi ta’kidlandi. Xalqaro ekspertlar bilan birgalikda mamlakatda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilandi.

Jahon avtomobil bozoridagi vaziyat

2019 yil oxirida tanazzulga uchragan avtomobil bozori, 2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli yanada qiyin davrlarni boshdan kechirmoqda. O‘tgan yili dunyoda yengil avtomobil savdosi 4,4 foizga kamayib, 90,3 mln donani tashkil qildi. Bozordagi qulash 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozidan buyon eng katta pasayishga aylandi, deya xabar berdi «AVTOSTAT» agentligi LMC Automotive konsalting kompaniyasining ma’lumotlariga asoslanib.

2020 yil boshidan beri pandemiya ta’siri tufayli avtomobil bozori qisqarishni davom ettirmoqda, ammo sentyabr oyida jahon bozorida yengil va yengil tijorat transport vositalari bozori yillik hisobda 0,5 foizga, ya’ni 7,6 mlngacha o‘sib, oktyabrda esa 2,3 foizga oshdi. 2020 yilning o‘n oyi yakunlariga ko‘ra dunyoda avtomobillar savdosi 61,8 mln donani (-17%) tashkil etdi.