AQSHning Moderna kompaniyasi COVID-19ga qarshi vaksinasining dastlabki sinovlari muvaffaqiyatli o‘tganini e’lon qildi. Bu haqda CNBC xabar berdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi vaksinaning samaradorligi 94,5% ni tashkil etmoqda. Vaksina sinovlarida 30 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Ular orasida 65 yoshdan katta yoshdagilar ham bo‘lgan.

Vaksinaning afzalligi shundaki, u 2,2 dan 7,7 darajagacha bo‘lgan haroratda, ya’ni standart uy yoki tibbiy sovutgichning haroratida 30 kun davomida barqaror bo‘lib turadi.

Hozirda Moderna kompanyaci samaradorlik ma’lumotlariga asoslanib, kelgusi haftalarda AQSH oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) ga favqulodda vaziyatlarda vaksinani qo‘llash uchun murojaat qilmoqchi.

Bundan avval, Pfizer va BioNTech kompaniyalari vaksinalarining sinovlari muvaffaqiyatli amalga oshgani va vaksina samaradorligi 90% ni tashkil etganligi haqida ma’lum qilingan edi.