Facebook tarmog‘idagi «Potrebitel.uz» guruhi juda qizg‘in muhokama maydoniga aylanib ketdi. Unda Zuhra Nabiyeva ismli foydalanuvchi maktab dasturiga Science (tabiiyot) fanining kiritilishi bo‘yicha o‘z munosabatini bayon etib, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga ochiq xat bilan murojaat qilgan.

Biroz avval Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Respublika ta’lim markazi 1−6-sinflar o‘quv dasturiga Science fani kiritilishi haqida xabar bergandi. Xabar berilishicha, yangi fan maktab dasturida avvaldan mavjud bo‘lgan 6 ta fan: boshlang‘ich sinflar uchun «Atrofimizdagi olam» va tabiatshunoslik, yuqori sinflar uchun esa geografiya, biologiya, fizika va kimyoni o‘z ichiga oladi. Fanning o‘quv dasturi loyihasi omma e’tiboriga havola etilib, muhokamaga qo‘yilgan edi.

Yuqoridagi yangilikka o‘z fikrini bildirar ekan, Zuhra Nabiyeva: «Agar 6 fanni birlashtirgan Science fani kiritilsa, o‘quvchilar bu fanlarni faqat yuzaki o‘rganishadi, bu esa ta’lim sifati tushib ketishiga olib keladi», — deb yozadi. Murojaatnoma muallifi fizika, kimyo, geografiya, biologiya fanlari alohida o‘qitilishi tarafdori. Biroq o‘quvchilarni dunyoni yaxlit qabul qilishga o‘rgatish maqsadida Science fanini fakultativ sifatida qoldirishni taklif qilgan.

Ushbu ochiq murojaat guruhda qizg‘in muhokama qilindi: 3500 dan ortiq «layk» va 800 ta izoh yig‘di. Ko‘pchilik izohlarning mazmuni «Bu islohotlarning maqsadi bir — aholining fikrlashini o‘ldirish. Chunki kaltafahm jamiyatni boshqarish osonroq» degan xulosaga borib taqaladi.

Konspirologik nazariyalarni chetga surgan holda aytish lozimki, nazarimda, tabiiy fanlarni integratsiyalashgan holda o‘qitish — 2030 yilgacha xalq ta’limini rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo‘lida kerakli qadamlardan biri. Mening diqqatimni esa xat muallifi aytib o‘tgan boshqa fikr jalb etdi.

Maktubda shunday deyilgan: «Buyuk Britaniyada dunyoning eng nufuzli maktablardan biri bo‘lmish Iton misolida fanlarni alohida-alohida o‘qitish tizimiga o‘tishga va bosqichma-bosqich bu tizimni butun mamlakatga joriy qilishga qaror qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, bu maktabda (Itonda) darslar sovet darsliklaridan o‘tilayotgan ekan».

Keling, bu qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini aniqlaymiz. Sobiq Ittifoq tarqalib ketganiga yaqinda 30 yil to‘ladi. Ittifoq davrida yaratilgan eng so‘nggi darsliklar 1991 yil, yemirilish arafasida chop etilgan taqdirda ham, undagi ma’lumotlar eskirib bo‘lgan. Bir semestr uchun o‘qish to‘lovi 14 ming funt sterlingdan ko‘proq (o‘quv yili esa uch semestrdan iborat) bo‘lgan Iton kolleji ma’lumotlari eskirib ketgan kitoblardan foydalanishi dargumon.

Bundan tashqari, maktab bergan ma’lumotlarga ko‘ra, uning bitiruvchilari Britaniyaning GCSE va A-level imtihonlarida yuqori natijalarni ko‘rsatib kelishadi. Bu sinovlar esa, «sovet tajribasini qo‘llash» haqida hech narsa deyilmagan Britaniya milliy o‘quv dasturiga asoslanadi. Shunday ekan, 30 yillik kitoblardan foydalanib, bu imtihonlarda yaxshi natija olish imkonsiz. Xo‘sh, unda yuqorida keltirilgan Iton maktabi, umuman, butun Britaniya Sobiq Ittifoq darsliklariga o‘tayotgani haqidagi ma’lumot nimaga asoslangan?

Ochiq xat tagida qoldirilgan izohlarning birida «Novыye izvestiya» gazetasidagi bir maqolaga havola keltirilgan. Unda yozilishicha: «Britaniya siyosatchisi, sobiq ta’lim vaziri Grining xonim o‘zining televideniyedagi chiqishida Angliya o‘quvchilari endi Landau va Kolmogorovning kitoblaridan ta’lim olishayotganini aytdi». Gazetada Grining go‘yoki shunday degani yozilgan: «Sovet ta’lim tizimiga o‘tish natijasida, Britaniya maktablari o‘quvchilari Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi eng obro‘li va qimmat maktablarda tahsil olayotgan bolalarga qaraganda yuqoriroq bilim darajasini namoyish etmoqdalar».

Jastin Grining Tereza Mey Bosh vazir bo‘lgan davrda 2016 yil iyulidan 2018 yil yanvariga qadar ta’lim vaziri bo‘lib kelgan. Ahamiyatlisi, Britaniyaning sovet ta’lim tizimiga o‘tishi haqidagi yuqorida keltirilgan xabarni chop etgan hech qaysi sayt sobiq vazirning asl intervyusiga havola keltirmagan. BBC teleradiokompaniyasi va Britaniya ta’lim vazirligining rasmiy saytlarida bunga oid hech qanday xabarlar topilmadi.

Rossiyaning «Vesti obrazovaniya» gazetasi Uels ta’lim departamenti sobiq bosh direktori Devid Houkerga havola berib, Grining bergan ma’lumotlar haqida tarqalgan xabarlar soxtaligini aytib o‘tadi. «Sovet darsliklari yoki metodikasining Britaniya maktablariga kirib kelishi — bo‘lmagan gap», — deb yoziladi gazetada.

Soxta xabarlarni fosh qilishga ixtisoslashgan Gruziyaning Factcheck.ge portali Grining bilan intervyu haqidagi xabarlarni 2018 yilning soxta xabarlar yetakchi beshligiga kiritgan. Shuningdek, bu xabarlar «Georgian Thought» agentligi tomonidan tarqatilgani aytib o‘tilgan. Portalning yana qayd etishicha, misol uchun, Sovet Ittifoqi davrida Lev Landau darsliklaridan maktablarda emas, oliy o‘quv yurtlarida foydalanilgan.

Qozog‘istonning mahalliy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yangiliklarni tekshiruvchi Factcheck.kz portali ham bu soxta xabar dastlab 2018 yil noyabr oylarida «Pravda-TV» va «Panorama» sahifalarida e’lon qilingani, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarga tarqaganini yozadi. Bu ikki saytdan birinchisi NewsGuard loyihasi tomonidan muntazam soxta xabarlar tarqatuvchi sayt sifatida baholangan. U chop etgan xabarlar sirasidan «Britaniya qirollik oilasining barcha a’zolari — reptiliyalar» qabilidagi «xabar»ni topish mumkin. «Panorama» sayti esa undagi barcha xabarlar satira yo‘nalishida bo‘lib, to‘qima ekanligi haqida ogohlantiradi.

Ma’lumotlar oqimi ulkan bo‘lgan bugungi davrda qaysi xabar ishonchli, qaysi biri soxta ekanligini aniqlab olish juda qiyin. Shunday bo‘lsa ham, o‘ta ahamiyatli mavzularda (ta’lim mavzusi hamisha shundaylar sirasiga kiradi) ma’lumot e’lon qilishdan oldin puxta tekshirilishi va qayta tekshirilishi lozim. Axir, shularga asoslanib, ma’lum bir xulosalarga kelinadi. Agar farzandlarimiz mantiqiy fikrlaydigan, to‘g‘ri tahlil qila oladigan bo‘lib ulg‘ayishini istasak, biz o‘zimiz — ta’lim tizimi vakillari shunday ko‘nikmalarga ega bo‘lishimiz lozim. Axir, o‘zimizda yo‘q narsani bolalarga qanday o‘rgata olamiz?

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi.