17 noyabr kuni Moliya vazirligi London fond birjasida O‘zbekistonning suveren xalqaro obligatsiyalarini (yevrobondlari) joylashtirilishini e’lon qildi.

Moliya vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, yevrobondlar 10 yil muddatga chiqariladi. Obligatsiyalarning umumiy qiymati oshkor qilinmadi.

Yevrobondlar — bu emitent uchun chet el valyutasida ko‘rsatilgan uzoq muddatli qimmatli qog‘ozlar. Yevrobondlarni uzoq muddat davomida (1 yildan 40 yilgacha) mablag‘ jalb etishga qiziqqan tomonlar, ya’ni xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, yirik korporatsiyalar chiqaradi. Muayyan vaqtdan keyin yevrobondlar sotib olinishi kerak bo‘ladi. «Yevro» prefiksiga qaramay (birinchi bunday qimmatli qog‘ozlar Yevropada paydo bo‘lgan), bugungi kunda ular turli xil valyutalarda turli bozorlarda chiqarilmoqda.

Xalqaro investitsiya banklari va yuridik firmalarga taklif uchun so‘rovlar yuborildi va quyidagi anderrayter banklar, qo‘shma bukrannerlar va yuridik maslahatchilar tanlov asosida tanlandi:

  • bank anderrayterlari — Siti (AQSH), J. P. Morgan Shase (AQSH), Societe Generale (Fransiya), VTB Capital (Rossiya) va «Gazprombank» (Rossiya);
  • yuridik maslahatchi — White & Case LLP (Buyuk Britaniya).

Bundan tashqari, Moliya vazirligi emissiya prospekti va boshqa huquqiy hujjatlarni ham tayyorladi.

«Roud-shou» doirasida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya va Shveysariya kabi davlatlarning xalqaro investorlari ishtirok etadigan xalqaro investorlar bilan telekonferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 17−18 noyabr kunlari xalqaro investorlar bilan telekonferensiyalar «yakkama yakka» tartibda bo‘lib o‘tadi.

Moliya vazirligi 19 noyabr kuni jahon moliya bozorlaridagi vaziyatdan kelib chiqib, suveren yevrobondlar chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

2019 yil noyabr oyi oxirida Moliya vazirining o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 2020 yilda O‘zbekiston kamida 500 mln dollar miqdoridagi davlat yevrobondlarini qayta chiqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

O‘tgan yilning fevral oyida O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi bo‘lib umumiy qiymati 5 mlrd dollarlik bo‘lgan 5 va 10 yillik yevrobondlarni joylashtirdi.