2020 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valyutasi miqdori 3,7 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, avvalgi yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki 744 mln dollarga oshdi, deya xabar berdi Markaziy bank matbuot xizmati.

Shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan banklarda sotib olingan valyuta hajmi esa 3,3 mlrd dollarga teng bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 barobar oshdi (2019 yilning mos davrida — 1,2 mlrd dollar).

Bunda ushbu mablag‘larning 79 foizi aholi tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd ko‘rinishda hamda 21 foizi yoki 687 mln dollar muqobil tartibda (onlayn konversiya, avtomatlashtirilgan ayirboshlash bankomatlari va hokazo) xarid qilingan.

Natijada ushbu operatsiyalar bo‘yicha ijobiy saldo (sof taklif) 350 mln dollarga yetdi.

Manba: Markaziy bank

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yanvar-iyul oylarida aholi tomonidan banklarga 2,5 mlrd dollar sotilgani va sotib olingan valyutalar hajmi esa 2 mlrd dollarga teng bo‘lgani haqida xabar bergan edik.