Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatdagi Covid-19 bo‘yicha haqiqiy statistikani yashirmaslikka chaqirdi. Bu haqda 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

«Yuqtirganlarni aniq ro‘yxatdan o‘tkazish — bu virusga qarshi kurashning mutlaq talabidir», — dedi Qozog‘iston rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning bir qator hududlarida koronavirus infeksiyasining yangi holatlarini yashirish faktlari aniqlandi.

«Siz shuni tushunishingiz kerakki, xayolparastlik o‘ta xavfli hodisa, chunki u haqiqiy tahdidlar manzarasini buzadi, shuningdek butun mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash strategiyasini buzadi. Mavjud vaziyat kam baholangan, ko‘rilayotgan choralar chala yarim, fuqarolar orasida epidemiologik ogohlik pasaymoqda. Bu allaqachon dunyoning ko‘plab mamlakatlariga taalluqli aksioma bo‘lib, u yerda ham ushbu tendensiya kuzatilmoqda. Shuni tan olish kerakki, ushbu muammo bizning sog‘liqni saqlash tizimimizda surunkali holatga aylandi», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

U Sog‘liqni saqlash vazirligiga Milliy statistika byurosi bilan birgalikda tibbiy statistikani shakllantirish, baholash va tahlil qilish bo‘yicha kompleks yondashuvlarni ishlab chiqishni buyurdi.

Qozog‘iston rahbari tibbiyot tashkilotlarining tayyorlik darajasi yetarli emasligini ham ta’kidladi. «Kasalxonalarni to‘liq zonalashtirish amalga oshirilmagan, natijada bemorlar va xodimlarning yuqtirish xavfi saqlanib qolmoqda. Deyarli barcha hududlarda intensiv terapiya bo‘limlarida kadrlar yetishmayapti. Xususan, koronavirus infeksiyasiga chalingan og‘ir bemorlarni davolash uchun ba’zi dorilar va bir qator tibbiy asboblar yetishmasligi mavjud. Mintaqalar dori-darmonlarni o‘zlarining xohishiga ko‘ra, mavjud davolash protokollarini hisobga olmasdan sotib olishadi», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

«Birinchi to‘lqin paytida biz korrupsiyaga duch keldik. Bular tibbiy niqoblar va dori-darmonlarning ortiqcha narxi, nazorat punktlaridagi qoidabuzarliklar, shifokorlarga to‘lovlarni tayinlashdagi korrupsiyalar edi. Nazorat organlari, ya’ni politsiya, hokimiyat va kuzatuv guruhlari ishining sifati alohida e’tiborni talab qiladi. Pandemiya paytida ularga keng miqyosda, deyish mumkin, korxonalar va fuqarolarni tekshirish uchun favqulodda vakolatlar berildi. Va bu oqlanadi. Ushbu vakolatlar to‘g‘ri tasarruf etilishi va suiiste’mol qilinmasligi kerak», — deya xulosa qildi Qasim-Jomart Toqayev.