Seshanba kuni prezident matbuot xizmati hozirda O‘zbekistonda COVID-19 bemorlari uchun mo‘ljallangan 89 ta majmuada 17,5 mingta koykalar borligini ma’lum qildi. Ayni vaqtda ushbu majmualarda 6570 nafar bemor davolanmoqda.

«Gazeta.uz» va qator blogerlar ushbu ma’lumot Sog‘liqni saqlash vazirligining bergan statistik ma’lumotlariga mos kelmasligiga (17 noyabr 19:00 holatiga ko‘ra mamlakatda 2123 nafar koronavirus bemori davolanmoqda) e’tibor qaratishdi.

SSV koronavirusga chalinganlarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar va rasmiy statistikadagi farqlarga izoh berdi.

Unga ko‘ra «Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan beriladigan rasmiy statistik ma’lumotlarda faqatgina infeksiya tasdiqlangan bemorlar kiritiladi», — deyiladi xabarda.

«Shifoxonalarda esa kasallikning ba’zi belgilari mavjud bo‘lib, kasallik gumon qilingan, lekin virus tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar bo‘ladi. Ular rasmiy statistikaga kiritilmaydi».

«Kasallik tasdiqlansa ular darhol rasmiy statistikada qayd etiladi va yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yo‘naltiriladi. Shuning uchun koronavirus tasdiqlanmagan, lekin boshqa kasalliklardan davolanayotgan bemorlar ham juda ko‘p. Shularning hisobiga shifoxonalardagi bemorlar soni koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning vazirlik e’lon qilayotgan rasmiy miqdoridan farqli ekanini ko‘rish mumkin», — deya aniqlik kiritdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.