Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hududlarda ta’limni yaxshilash bo‘yicha natijaga erishish uchun eng yaxshi tandem — jamoani birlashtira oladigan fidoyi xalq ta’limi boshqarmasi rahbari hamda uni doim qo‘llab-quvvatlaydigan viloyat hokimi ekanini ma’lum qildi.

«Namangan va Xorazm viloyatlarida shu kabi tandem bo‘lgani sababli boshqa hududlarga nisbatan maktablar masalasiga e’tibor kuchliroq bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham, „O‘qituvchi va murabbiylar kuni“ bayrami arafasida qator pedagoglar bilan birga ushbu ikki viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbarlari „Sodiq xizmatlari uchun“ medali bilan taqdirlangan edilar», — dedi vazir o‘zining telegram kanalida.

Ta’kidlanishicha, quyidagi jadvalda ham bitiruvchilarning OTMlarga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha birinchi 5 talik hududlar orasida eng katta o‘sish aynan Namangan va Xorazmda kuzatilgan.

Maktab bitiruvchilarining OTMlarga kirish ko‘rsatkichlari. Foto: Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov telegram kanali.

Barcha maktablarda OTMga yo‘naltirish ishlariga alohida e’tibor qaratilgani sababli bu yil umumiy bitiruvchilarning soni 1,59 barobar ortgan bo‘lsada, oliygohlarga kirgan bitiruvchilar soni 2,02 barobar ortgan.

Vazir tashqi omillar deyarli barcha hududga bir xil ta’sir qilganini aytmoqda [kvotalarning oshishi, kitoblar, DTM testlari va h.k.], lekin aynan shu ikki hududda ko‘rsatkichlarning o‘sish sur’ati boshqa hududlarnikidan ancha yuqori bo‘lgan. Namangan viloyatining o‘rni o‘tgan yildagiga nisbatan 4 pog‘onaga, Xorazmniki esa 2 pog‘onaga ko‘tarilgan.

«Ushbu oddiy misolni o‘zi prezidentimiz tomonidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbarlarini viloyat hokimining maslahatchisi sifatida mavqeini ko‘tarilishi hamda hokimlarga kamida 30−40 foiz vaqtlarini maktablarga yordamga sarflashlari bo‘yicha ko‘rsatma berilishi bejizga emasligini ko‘rsatmoqda», — deya ta’kidladi Shermatov.

«Viloyat (tuman) hokimi xalq ta’limi boshqarmasi (bo‘limi) rahbarini haftasiga kamida bir marta qabul qilib, muammolarini yechishda yordam bersa, albatta, o‘sha hududda ta’lim yo‘nalishida rivojlanish bo‘ladi. Hokim tomonidan e’tibor berilmasa yoki viloyat (tuman) xalq ta’limi rahbari muammolarni to‘g‘ri tahlil qilib hokimga tushuntira olmasa, joylarda ijobiy o‘zgarish juda qiyin bo‘lishi mumkin», — deya qo‘shimcha qilgan.

Vazir ,shuningdek, bu tezkor yig‘ilgan ma’lumotlar ekanini aytmoqda. Superkontrakt hamda yangi ochilayotgan xususiy va xorijiy universitetlar qabullari natijalari bo‘yicha Toshkent shahri (hamda ba’zi hududlar) ko‘rsatkichida yil yakunigacha qo‘shimcha o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini nafaqat prezident siyosatiga xiyonat, balki ataylab davlat rahbarining imijini diskreditatsiya qilishga harakat deb baholash kerakligini aytgandi. U shuningdek, — «Yordam berishga imkoniyatingiz bo‘lmasa, iltimos, juda bo‘lmasa xalaqit qilmang», — deya hokimlarga murojaat qilgandi.