Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) hamda birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva vasiylik kengashi raisi bo‘lgan «Zamin» xalqaro jamoat jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Memorandum «Zamin» xalqaro jamoat jamg‘armasi direktori Tamila Aliyeva va Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova tomonidan imzolandi.

Tomonlar aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, ta’lim, xususan inklyuziv ta’lim sifatini yanada oshirish, sohaga axborot texnologiyalarini keng jalb etish masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qiladi.

Hujjatni imzolash marosimida ikki tomonlama hamda xalqaro tashkilotlar bilan ish olib borish, xalqaro tajriba asosida eshitishda nuqsoni bor bolalarga zamonaviy bilimlar berish faoliyatini takomillashtirish bugungi kun talabi ekanligi ta’kidlandi.

Memorandum mamlakatimizda inklyuziv ta’lim hamda axborot-texnologiyalari bo‘yicha bilim berish jarayonlarini yanada yaxshilash uchun poydevor vazifasini o‘taydi. Chunki o‘zaro hamkorlikdagi loyihalarda, asosan, bolalarga axborot-texnologiyalari bo‘yicha boshlang‘ich va asosiy bilimlar beriladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu hujjat O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan avval, «Zamin» fondi «Eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ta’limni rivojlantirish» dasturi doirasida «Zamin education» loyihasini boshlagan edi. Asosiy maqsadlar eshitish qobiliyati zaif bolalarning kasbiy mahoratini rivojlantirish va ijtimoiylashuvda qo‘llab-quvvatlash, ularni oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishga tayyorlash, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o‘qituvchilarining malakasini oshirish va yangi metodologiyani ishlab chiqishdan iborat.