Oktyabr oyida Sirdaryoda YPX inspektori B.Bobojonov hamda “sirena” moslamasini yoqib kelganlikda gumonlanib to‘xtatilgan Lasetti rusumli transport vositasi haydovchisi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqadi. Xodim mazkur holatni suratga olgani uchun haydovchining uyali aloqa vositasini olib qo‘ygan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabardan so‘ng, Sirdaryo viloyati IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangandi.

Mazkur holat yuzasidan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi batafsil axborot berdi.

“Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvida, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida"gi nizom hamda IIVning ayrim me’yoriy buyruq talablarini buzganligi uchun Sirdaryo viloyati IIB YHXB YPXO YPX inspektori B.Bobojanov egallab turgan lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha xulosa qabul qilindi”, — deyiladi xabarda.

Voqea 7 oktyabr kuni M-34 avtomobil yo‘lining 90-kilometrida sodir bo‘lgandi. Fuqaro va YPX xodimi kelishmovchiligiga haydovchining yaqinlari ham aralashadi va shaxsiy uyali aloqa vositasi yordamida tasvirga olishadi. Safdor B.Bobojonov o‘zini tasvirga olishiga qarshilik ko‘rsatgandi.

Eslatib o‘tamiz, Hukumatning 2018 yil yil 1 dekabrdagi [975-son] qarori bilan tasdiqlangan nizomgning 4-bobi, 18 bandiga ko‘ra muvofiq, YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish mumkin. YPX xodimi tomonidan foto va video tasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno. Qolaversa, xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ham ega.

Huddi shu nizomning 3-bobida YPX xodimining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlaridagi huquq va majburiyatlari ham belgilab qo‘yilgan.