14 noyabr kuni Nukus shahrida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ishtirokida 2020−2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks rivojlantirish dasturining bajarilishini ta’minlash va bu boradagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Yig‘ilishda prezident tomonidan 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida hududni rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha belgilab bergan vazifalarning ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qaxraman Sariyev Dastur doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha axborot berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2020−2022 yillarda Orolbo‘yida umumiy qiymati 12 trln 300 mlrd so‘m bo‘lgan 1 ming 359 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Shundan 523 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi va qariyb 20 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ta’kidlanishicha, bu bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2020−2023 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Dasturda har bir shahar va tumanning «o‘sish nuqta"lari belgilandi hamda ijrosi bo‘yicha mas’ullar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 10 noyabr kuni prezident raisligida Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tgan edi. Unda 856 km avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minotini 70 foizga yetkazish hamda 9 mingdan ortiq arzon uylar bunyod etish ta’kidlangandi.