Namangan viloyatida Alisher Usmonov tomonidan Xalqaro biznes markaz qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu xaqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Namangan shahrining Amir Temur ko‘chasidagi sobiq «Kichkintoylar bog‘i» o‘rnida UMS Holding asoschisi, mashhur tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan Xalqaro biznes markazi qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu markaz ichiga Kongress-xoll, biznes maktabi, mehmonxona, ekopark, sport-sog‘lomlashtirish inshootlari kiritiladi. Bundan tashqari sun’iy ko‘llar, favvoralar, avtoturargohlar barpo etiladi.

Viloyat ma’muriyati matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishiga ko‘ra, Xalqaro biznes markaz loyihasi turk me’morlari tomonidan ishlab chiqilgan. Ob’ektlarning qurilishi esa Alisher Usmonov boshchiligida amalga oshadi. 18 qavatli besh yulduzli mehmonxonaning narxi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 18.5 mln dollarni tashkil etadi.

«Xalqaro biznes markazi qurilishi bahor oylaridan boshlanadi. Bu yerda kelgusida xalqaro simpoziumlar, biznes-forumlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shu orqali Namanganga investitsiyalar kirib kelishi jadallashadi, biznes-turizm uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Mazkur markaz Namanganning o‘ziga xos brendiga aylanadi», — dedi viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov.


Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat hokimi Xalqaro biznes markaz qurilishi rejalashtirilayotgan xudududa obodonlashtirishga e’tibor qaratish, kotlovan atrofida xavfsizlik masalalarini ko‘zdan qochirmaslik zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyalik tadbirkor, USM Yoldings asoschisi Alisher Usmonov «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga 50 mln dollar miqdorida xayriya ajratgani haqida xabar bergan edik. Prezident Shavkat Mirziyoyev noyob loyihalar sifatida Namanganda Alisher Usmonov nomidagi xalqaro biznes markazi va biznes maktabini ochishni taklif qilgan edi.

Avvalroq «Xalq so‘zi» mazkur Xalqaro biznes markaz 18 qavatli binodan tashkil topishi haqida xabar bergan edi.