20 noyabrdan 30 noyabrga (shu kuni ham) qadar kollej va texnikumlarga saralash imtihonlari o‘tkaziladi. Bu haqda 2020−2021 o‘quv yilida kollejlar va texnikumlarga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun saralash imtihonlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Kollej va texnikumlarning 178 tasida test sinovlari, 176 tasida esa yozma imtihon, sport sohasidagi kollej va texnikumlarda esa kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Imtihonlar 60 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. Test sinovlari 195 836 nafar abituriyentdan, yozma imtihonlar esa 50 649 nafar abituriyent uchun o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Saralash imtihonlari Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasining professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»ga qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Test sinovlarini o‘tkazish manzili, o‘tkazish grafigi Davlat test markazi bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda va ular asosan tibbiyot, pedagogika, temiryo‘l va konchilik yo‘nalishidagi kollejlar va texnikumlarda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Yozma ish imtihonlari esa xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, yengil sanoat, transport, veterinariya va qurilish yo‘nalishidagi kollejlar va texnikumlarda o‘tkaziladi.