Auditoriyalarga belgilangan sig‘imning 50 foizigacha talabalar kiritiladi, deya ma’lum qilindi AOKAda Oliy ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqovning xabar qilishicha, 30 kishilik auditoriyaga 15 nafar talaba kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliy ta’lim muassasalarida 16 noyabrdan o‘quv jarayoni an’anaviy shaklda davom ettirilishi haqida xabar berilgan edi.

Anjumanda ma’lum qilinishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan talabalar va ularning ota-onalari orasida o‘quv jarayonini an’anaviy shaklda boshlash bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida 19−21 oktyabr kunlari onlayn ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazilgan. Uning natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini an’anaviy shaklda boshlashni xohlovchilar 345 428 nafarni (82%), masofaviy shaklda davom ettirishni xohlovchilar 75 808 nafarni (18%) tashkil etdi.

OTMlardagi auditoriya va xonalar o‘quv jarayoniga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda tayyorlanadi. Darslarni juftliklar shaklida o‘tkazish an’anasidan voz kechilib, juftliklarga ajratilgan vaqt o‘rtasida o‘quv xonalarini shamollatish maqsadida 5−10 daqiqalik tanaffuslar joriy etiladi.

Ma’lum qilinishicha, OTM va talabalar turar joylari pirometr, dozator va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi. Shuningdek, talabalar turar joylarida kasallikka chalingan talabalarni izolyatsiya qilish uchun «qizil zona», ya’ni izolyator tashkil etiladi.