Toshkent hokimligi qarzlar bozoriga kirib, 500 mln dollarlik yevroobligatsiyalarni joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 6 noyabr kuni poytaxt hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Yevroobligatsiyalar masalasiga kelsak, shahar Fitch reytingiga ega. Unga 500 mln [dollar] beraman. 100 millionni, ruxsat bersangiz, shuni kasalxonalarga ishlatsak», — dedi shahar hokimi Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib.

Shu bilan birga, byudjet qonunchiligiga binoan (142-modda) O‘zbekistonning shahar va viloyatlari ichki yoki tashqi bozorda qarz mablag‘larini jalb qilish huquqiga ega emas. Shu bilan birga, mamlakat prezidentining farmoni bilan (PF-5515) Toshkentga ichki obligatsiyalarni chiqarish bo‘yicha eksklyuziv huquq berildi (yevroobligatsiyalar tashqi bozorga chiqishni ta’minlaydi), ya’ni poytaxt hokimi o‘zini qoplaydigan investitsion loyihalari uchun aholining foydalanilmayotgan mablag‘larini poytaxt obligatsiyalari yoki tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlari aksiyalari ko‘rinishidagi qimmatli qog‘ozlarni chiqarish yo‘li bilan jalb qilishi mumkin.

«Gazeta.uz» bu bo‘yicha poytaxt ma’muriyati matbuot xizmatidan tushuntirish ololmadi. Shu bilan birga, Moliya vazirligi hokimiyatning obligatsiyalar chiqarish rejalaridan xabardor emasligini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi suveren qarz olish bo‘yicha barcha operatsiyalarni, shu jumladan korporativ (bank) qarz majburiyatlarining emissiyasini nazorat qilish vakolatiga ega organ hisoblanadi.

Avvalroq, prezident Toshkentdagi sog‘liqni saqlash tizimi umuman ishdan chiqqanligini — tartib, intizom yoki talab yo‘qligini ta’kidlagan edi. U sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Anvar Alimov va hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga Turkiya va boshqa mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimini o‘rganish hamda uni poytaxtda tatbiq etish to‘g‘risida taklif kiritishni buyurdi.

2019 yil iyun oyida Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkentni xorijiy va mahalliy valyuta bo‘yicha uzoq muddatli reytingga baholadi va barqaror prognoz qilgan holda «BB-» darajasini berdi. 2020 yil iyun oyida agentlik ushbu reytingni tasdiqladi. Shahar shuningdek, «aa» qarz yuki bo‘yicha barqarorlik reytingini oldi. Emitentning defolt reytingi bo‘yicha shahar hisobotlarining zaif amaliyoti va shaffoflik darajasi tufayli, xalqaro standartlardan ortda qolgan holda, mustaqil kredit reytingidan bir pog‘ona past bo‘lgan «bb» bahoga ega bo‘ldi.

Fitch Toshkent shahrini har yili naqd pul oqimi orqali qarzni to‘lash bo‘yicha xarajatlarni qoplayotganligi sababli, B tipidagi submilliy tashkilot sifatida tasnifladi. O‘zbekistondagi submilliy sub’ektlarga byudjetlararo kreditlardan tashqari boshqa turdagi qarzdorlik, shuningdek, kafolatlar berilishi taqiqlanadi. Toshkentning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarzi yo‘q bo‘lsada, shahar investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun davlatga qarashli kompaniyalari orqali qarz jalb qiladi va ushbu kompaniyalarga qarzlarni to‘lashda yordam beradi. Qarzning katta qismi chet el valyutalarida ko‘rsatilgan, bu esa milliy valyutaning o‘zgaruvchanligi sababli shaharni sezilarli darajadagi valyuta xavfiga duchor qiladi, deyiladi xabarda.