O‘zbekistonga Amerika Qo‘shma Shtatlaridan 16 nafar ingliz tili o‘qituvchilari hamda AQSHning yetakchi universitetlarining professorlari kelishi kutilmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq ta’limi vazirligida Sherzod Shermatov hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda «Onlayn maktab» loyihasi doirasida Amerikaning madaniyat bo‘yicha Attashesi maktab o‘quvchilari uchun ingliz tili darslarini o‘qitishni boshlagani, bu kabi amaliyotlar o‘quvchilar chet ellik mutaxassislardan ingliz tilini o‘rganish yo‘lida imkoniyat ekanligi alohida qayd etildi.


Foto: XTV matbuot xizmati

«Amerikalik mutaxassis tomonidan olib boriladigan darslar o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rganishda oddiy va samarali til o‘rganish usullaridan foydalanishda yordam beradi. Yaqin oylarda Qo‘shma Shtatlardan yana 16 nafar ingliz tili o‘qituvchilari hamda AQSHning yetakchi universitetlarining professorlari (PhD) kelishi va xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda», — deyiladi bayonotda.

Xalq ta’limi vazirligi Amerika Kengashlari bilan birgalikda Qarshi shahridagi «Barkamol Avlod» bolalar markazida «Amerika oynasi» («American window») kutubxonasini birgalikda ochish masalasi ustida ish olib borayotganligini ma’lum qildi. «Amerika oynasi» bolalar, yoshlar, o‘qituvchi va boshqalar uchun axborot-resurs markazi bo‘lib, ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha yuqori sifatli materiallar bilan tanishish, STEM va robototexnika kurslari, suhbat klublari va shu kabi boshqa yo‘nalishlar bilan tanishish imkonini beradi. Qarshi shahrida joylashadigan ushbu markaz Markaziy Osiyodagi eng yirik markaz bo‘lishi kutilmoqda.

Tomonlar AQSHning yetakchi universitetlarida maktab o‘quvchilari va yoshlarni o‘qitish bo‘yicha mavjud hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdi.