2021 yil 1 martga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan Yangi Milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, o‘quvchilarning qiziqishiga qarab tanlab o‘qish imkoni beriladi. Nazariy va amaliy darslarni teng taqsimlagan holda o‘qitish joriy qilinadi. Bu haqda Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov AOKA press-xolida o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Avvalgi o‘quv dasturlari mazmuni 90 foiz nazariyadan iborat bo‘lib, o‘qitish metodikasi yodlatishga yo‘naltirilgan edi. Yangi Milliy o‘quv dasturi mazmuni 50 foiz nazariya, 50 foiz amaliyotdan iborat bo‘ladi va o‘quvchining mustaqil faoliyatini qo‘llab-quvvatlanadi.

Amaldagi o‘quv dasturlarida baholash faqat eslab qolgan bilimlar hajmini aniqlagan. Yangi dastur asosida esa o‘quvchilarda shakllangan ko‘nikmalar baholanadi.

Shuningdek, fanlar soni va o‘quv yuklamalari optimallashtirilib, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra fanlarni tanlab o‘qish imkonini beruvchi variativ o‘quv dasturlar asosida hayotga va kasbiy faoliyatga tayyorlash imkoni yaratiladi.

Milliy o‘quv dasturi asosida fanlar chiziqli tartibda emas, spiralsimon tarzda o‘qitiladi. Ya’ni mavzular takroriy emas, bir-birini mantiqan davom ettiruvchi hamda soddadan murakkabga tomon yo‘naltirilgan tarzda kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval 2021 yil 1 martga qadar Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqish rejalashtirilayotganligi haqida xabar bergan edik. Bu taklif Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan «Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasidan joy olgan.