Xitoy eng yirik erkin savdo to‘g‘risidagi shartnomani tuzadi

Xitoy va boshqa 14 ta Osiyo davlatlari dunyodagi eng yirik erkin savdo to‘g‘risidagi shartnomani tuzishadi. Tomonlar ushbu hujjatni 12−15 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ASEAN sammitida imzolaydilar. Shartnomada Yaponiyadan boshlab Avstraliya va Yangi Zelandiyagacha jami 2,2 milliard aholisi bo‘lgan davlatlar ishtirok etadi. Ushbu bitim savdo bojlarini pasaytirish, tovarlarning kelib chiqqan mamlakatini aniqlashning yagona qoidalarini ko‘rib chiqish, yetkazib berish zanjirlarini mustahkamlash va elektron tijorat uchun yangi qoidalarni tizimlashtirishga qaratilgan. — Bloomberg

Qorabog‘ning Ozarbayjonga o‘tadigan qismida yashovchilar o‘z uylariga o‘t qo‘yishmoqda

Foto: twitter.com/LeylaMammadovai

Armaniston, Ozarbayjon va Rossiyaning uch tomonlama deklaratsiyasiga muvofiq, Ozarbayjon tomoniga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining bir qator hududlari aholisi o‘z uylariga o‘t qo‘yishmoqda. Bu holat to‘g‘risidagi video va fotosuratlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lmoqda, unda Lachin, Kelbadjar, Agdam tumanlari aholisi hududni tark etishdan oldin uylarini, do‘konlarini va boshqa binolarni yoqib yuborishmoqda. — Interfaks

Peruda yangi prezidentning inauguratsiyasiga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda

Foto: EFE

Peruning Lima va boshqa shaharlarida minglab namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar hukumatdan chetlatilgan Martin Vizkarra o‘rniga prezidet bo‘lgan Manuel Merino de Lamaga qarshi noroziliklar bildirishmoqda. Limaning San-Martin markaziy maydonidagi namoyishda 15 mingdan ortiq odam ishtirok etdi. Ularda «Merino mening prezidentim emas», «Peru, men seni yaxshi ko‘raman, shuning uchun seni himoya qilaman» yozuvi tushirilgan milliy bayroqlar va plakatlar ko‘tarildi. Namoyishchilarning gaplariga ko‘ra, davlat rahbari lavozimini egallagan Merino de Lama xalq tomonidan saylanmagan, shuning uchun u xalq vakili bo‘la olmaydi. — Telesur telekanali

Myanmaning hukmron partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozondi

Myanmadagi parlament saylovlarida davlat maslahatchisi va mamlakat tashqi ishlar vaziri Aun San Su Chji rahbarligidagi «Demokratiya uchun milliy liga» (DML) partiyasi g‘olib bo‘ldi. 13 noyabr kuni e’lon qilingan saylov komissiyasining natijalari shundan dalolat beradi. MSK so‘zlariga ko‘ra, partiya mamlakat parlamentida zarur bo‘lgan 322 dan ortiq o‘ringa ega bo‘ldi. Shu tariqa partiya prezidentni saylashi va Myanmaning navbatdagi hukumatini tuzish huquqiga ega bo‘ldi. Saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, DML partiyasi parlamentda 368 o‘rinni egalladi, qolgan 42 ta o‘rinning taqsimoti davom etmoqda. — TASS

Karantindan voz kechgan Shvetsiya iqtisodiy muammoga duch keldi

Koronavirusning birinchi to‘lqini paytida karantindan voz kechgan Shvetsiya iqtisodiy muammoga duch keldi. Mamlakat iqtisodiyoti kutilganidan ancha past sur’atlarda tiklanmoqda. Markaziy bank (MB) rahbarining so‘zlariga ko‘ra, koronavirus mamlakat iqtisodiyotiga rasmiy hisobotlarda aks etganidan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi. «Qayta tiklanish uchun qancha vaqt kerakligini aytish juda qiyin», — deydi MB rahbari. Shvetsiyadagi eng yirik banklardan biri bo‘lgan «Skandinaviska Enskilda Banken» ning bosh iqtisodchisi Robert Bergkvist Markaziy bank qo‘shimcha rag‘batlantirishga borishini taxmin qildi. Xususan, uning fikriga ko‘ra, Markaziy bank miqdoriy yumshatish dasturini 20 foizga, ya’ni 70 milliard dollarga qadar kengaytirishga murojaat qilishi mumkin. — Bloomberg

Sud Trampning saylovlar bo‘yicha da’vosini qabul qildi

AQSHning Pensilvaniya shtatida o‘n minglab saylov byulletenlari bekor qilindi. Bunga byulletenlarda shaxsi keltirilgan saylovchilar o‘zlarini tasdiqlamagani sabab bo‘lmoqda. Biroq AQSH ommaviy axborot vositalari bu holat shtatdagi saylovlar natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonch bildirishmoqda. The Philadelphia Inquirer gazetasining xabar berishicha, Pensilvaniya apellyatsiya sudi pochta orqali yuborilgan ovozlarni hisoblashda amaldagi prezident Donald Trampning da’vosini qabul qildi. — Gazeta.uz