Mansabdor shaxslar davlat mablag‘laridan turli qimmatbaho avtotransportlarni xarid qilishining oldini olish maqsadida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ma’lum qildi.

«Ayrim mansabdor shaxslar bugungi murakkab (pandemiya) sharoitida davlat mablag‘larining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini to‘la anglab yetmayaptilar. Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama bo‘layotgan — qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilish — bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bunday hollarda davlat xizmatchilariga «Halollik vaksinasi»ni normativ hujjatlar qabul qilib, tegishli cheklovlarni qo‘llash orqali singdirishdan boshqa chora qolmayapti», — dedi Akmal Burxanov.

Prezident qarori loyihasida aynan mana shu kabi holatlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan. Loyihaga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xizmat avtoransportlarni klassiga qarab biriktirish normativlari (eng yuqori narxlari) belgilanadi.

Jumladan, tuman, shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransporti narxi BHMning 1200 baravari (267 mln 600 ming so‘m)dan oshmasligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari xizmat avtomashinasi narxi esa BHMning 700 baravari (156 mln 100 ming so‘m)dan oshmasligi kerak bo‘ladi.

Davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtoransportlari xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan normativlardan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari «E-IJRO AUKSION» orqali auksion savdolarda sotilishi ta’minlanadi.

Xizmat avtoransportlarini sotishdan tushgan mablag‘lar esa tegishlicha respublika, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga yo‘naltiriladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy ta’minotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi 883 mln so‘mga Toyoto Prado avtomobilini xarid qilgan;
  • Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi 398 mln so‘mga Traiblazer xarid qilgan;
  • Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani hokimligi 370 mln so‘mga Traiblazer xarid qilgan;
  • Qashqadaryo viloyati hokimligi 349 mln so‘mga Equinox xizmat mashinasini xarid qilgan;
  • Qashqadaryo viloyati hokimligi 621 mln so‘mga 3 ta Tracker xizmat mashinasini xarid qilgan (1, 2, 3);
  • Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi 250 mln so‘mga ikkita Lacetti avtomobilini xarid qilgan (1,2)