COVID-19 pandemiyasining O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari: mahalla vakillari va tadbirkorlik sub’ektlari orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma" sosiologik tadqiqotlar natijalari e’lon qilindi, deya ma’lum qildi «Gazeta.uz» ga BMT Taraqqiyot dasturi idorasi.

Natijalar 11 noyabr kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM), Jahon banki, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining «Taraqqiyot strategiyasi» Markazi va BMTTD ishtirokida bo‘lib o‘tgan videoanjumanda e’lon qilindi.

COVID-19 pandemiyasining uy xo‘jaliklariga bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri bo‘yicha tadqiqot 2020 yilning may-iyun oylarida amalga oshirildi va uning davomida O‘zbekistonning barcha hududlaridagi mahalla rahbarlari bilan so‘rovnomalar o‘tkazildi. So‘rovnomalarda 3670 respondentlar ishtirok etdilar, jumladan mahalla raislari (84,7%), ularning o‘rinbosarlari (12,8%) va mahalla faollari (2,5%), shulardan 62,9% qishloq mahallalari vakillaridir.


Tadqiqot natijalariga ko‘ra pandemiya kambag‘al oilalarning ayniqsa shahar hududlarida ko‘payishiga olib keldi. Eng ko‘p zarar ko‘rganlar — kam ta’minlangan oilalar (48% respondentlar tomondan qayd etildi, ayniqsa Namangan va Samarqandda), ko‘p bolali oilalar (40% respondentlar tomondan qayd etildi, ayniqsa Toshkent viloyatida) va qaytib kelgan mehnat muxojirlari mavjud oilalar (55% respondentlar tomondan qayd etildi, ayniqsa Jizzax va Qashqadaryoda). Ushbu salbiy oqibatlar ichiga asosan daromadlarning pasayishi va ishni yo‘qotish kiradi, bunga tegishli ravishda 74% va 58% respondentlar ishora qildilar.


Ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ichiga quyidagilar kiritildi:

  • Xususiy sektorni zaruriy mahsulotlarni import qilish yoki mahalliy darajada ishlab chiqarishga rag‘batlantirish maqsadida iqtisodiy va ijtimoiy siyosat choralarini o‘zgartirish;
  • Mahallalarda kichik xususiy korxonalarni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar va xotin-qizlarni oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga rag‘batlantirish;
  • Zaruriy yordamni olishda xotin-qizlar uchun yengillik yaratish, shuningdek ularni tashvishlantiruvchi masalalar tinglanishini ta’minlash;
  • COVID-19 kasalligidan davolangan odamlar tomonidan xatar yo‘qligini ommaviy axborot vositalari ta’kidlab turishini ta’minlash.

Bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan so‘rovnomada, butun O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘tkazilgan 887 ta suhbat asosida, COVID-19 pandemiyasining mamlakat darajasida kichik va o‘rta korxonalarga ta’siri o‘rganildi. So‘rovnoma davomida aniqlanishicha, turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohalariga mansub kichik va o‘rta korxonalar hamda Sirdaryo, Namangan, Navoiy vilostlarida, Toshkent shahrida va Qoraqalpog‘istonda joylashgan korxonalar eng ko‘p zarar ko‘rdilar, ayni vaqtda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklaridagi korxonalar eng kam talafot ko‘rdilar. Pandemiya davrida eng ko‘p qiyinchiliklarga uchragan korxonalar qatoriga ish jarayonlarini ko‘chirish imkoniyati yo‘qligi yoki internetga ulanish imkoni yohud kerakli uskunalar mavjud emasligi sababli masofaviy ishlay olmagan korhonalar kirdi.


Ikkinchi tadqiqot bo‘yicha hisobotda berilgan tavsiyaga ko‘ra, kichik va o‘rta korxonalarga ko‘rsatilayotgan yordam o‘z ichiga korxonalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, soliq yukini kamaytirish, kredit foizlarini pasaytirish uchun institusiyaviy muhitni yaratish orqali moliyaviy ko‘makdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda masofaviy ishga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlarni qamrab olishi lozim.

Mazkur ma’lumotlar COVID-19 oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan kelajakdagi siyosiy mexanizmlar va qonunchilik hujjatlari uchun asos bo‘lib xizmat qilishi lozimligi, shuningdek ulardan O‘zbekistonning pandemiyadan so‘ng kelgusi tiklanishida foydalanish kerakligi borasida takliflar bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Taraqqiyot dasturining COVID-19 pandemiyasi ayollarning qashshoqlik darajasini keskin oshirishi to‘g‘risidagi hisoboti haqida ma’lum qilgan edik.