Toshkent shahar hokimligi huzuridagi raqamli situatsion markaz qurilishiga taxminan 100,2 mlrd so‘m (Markaziy bankning 12 noyabrdagi kursi bo‘yicha 9,6 mln dollardan ortiq) ajratilmoqda. Bu haqdagi ma’lumotlarni davlat xaridlari portalida ko‘rish mumkin.

Markazning shahar ma’muriyati hududida qurilishi prezidentning 17 martdagi farmonida (PQ-4642) ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahar hokimiyatining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ushbu loyihaning buyurtmachisi hisoblanadi. Ob’ekt qurilishiga yil oxiriga qadar 32,6 mlrd so‘m, 2021 yilda 67,6 mlrd so‘mlik mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. 23 oktyabr holatiga ko‘ra 9,7 mlrd so‘m miqdoridagi avans to‘lovi moliyalashtirilgan, shuningdek materiallarni sotib olish uchun yana 10 mlrd so‘m miqdorida avans o‘tkazish rejalashtirilgan.

Loyiha pudratchisi Power Construction Planet MCHJ bo‘lib, kompaniya bilan shartnoma 7 oktyabrda imzolangan. Vazirlar Mahkamasining 9 sentyabrdagi 401-f-sonli buyrug‘i bilan loyihani tanlovsiz amalga oshirishga ruxsat berildi. Ma’lumot o‘rnida, hukumat buyruqlarini 28 maydan boshlab Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida nashr etish to‘xtatildi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Power Construction Planet MCHJ 2008 yil 12 sentyabrda ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning 66,9 foiz ulushiga Ismoil Isroilov, 33,1 foiziga Abdurasul Zohidov egalik qiladi.

Foto: KTYADR

Ismoil Isroilov ilgari Akfa Engineering and Management kompaniyasining direktori va direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan va bir qator kompaniyalarning ulushlariga ega bo‘lgan. Abdurasul Zohidov yanvar oyi boshida Discover Invest MCHJ (Tashkent City va Ashxobod parklarini, Hilton mehmonxonasi, kongress-markaz, Imzo va Artel, Akfa Medline va boshqa korxonalari binolarini qurgan) direktori sifatida «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Loyihani ishlab chiquvchi vazifasi Prime Tower Group MCHJ ga topshirilgan. Uning asoschilari esa Jasur Bahodirovich Badalov (35%), Sardor Xabarjonovich Umatov (30%) va Artur Damirovich Nuriyev (35%) hisoblanishadi.

Shu bilan birga, Power Construction Planet Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 2160 o‘rinli ixtisoslashtirilgan karantin zonasini qurish bilan ham shug‘ullangan. Ob’ektning qiymati 39,2 mlrd so‘mga baholangan. Shuningdek, loyihani Vazirlar Mahkamasining 23 iyuldagi 337-f-sonli buyrug‘i asosida tanlovsiz amalga oshirishga ruxsat berilgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» Toshkent shahar ma’muriyati huzuridagi Raqamli rivojlanish boshqarmasi Rossiyaning «Sentr prostranstvennыx issledovaniy» kompaniyasidan «Geointellekt» platformasini sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Dastur shaharning geografik axborot va tahlil tizimini yaratish uchun zarur hisoblanadi.