Termiz tumanida prokuratura xodimlari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar berdi.

Hodisa 7 noyabr soat 21:30larda sodir bo‘lgan. Surxondaryo viloyati prokuraturasi haydovchisi O‘. Kattayev xizmat avtomashinasida Termiz tumanidan Termiz shahri tomonga harakatlanib kelayotgan bo‘lgan.

Avtomobil Termiz-Uchqizil temir yo‘l bekatlari oralig‘i 57-kilometrining 9-piketida joylashgan qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasidan o‘tayotganda, ehtiyotsizlik oqibatida harakatlanib kelayotgan rezerv teplovoz bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Baxtsiz hodisa oqibatida O‘. Kattayev va old o‘rindiqdagi viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori B.Ergashev hodisa joyida vafot etgan. Shuningdek, orqa o‘rindiqda bo‘lgan viloyat prokurori o‘rinbosari X. Kulliyev tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan 8 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.