Barcha oliy ta’lim muassasalarida 16 noyabrdan o‘quv jarayoni an’anaviy shaklda davom ettiriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Respublika komissiyasi 12 noyabrda o‘tkazilgan yig‘ilishda shu haqdagi qarorni qabul qildi. Qarorda oliy ta’lim muassasalariga chora-tadbir va reja-grafik ishlab chiqish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari an’anaviy o‘qishni tiklashga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida oktyabr oyi o‘rtalarida xabar qilingan edi. O‘shanda an’anaviy o‘qishga qaytish bo‘yicha talabalar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilayotgani, so‘rovnoma 20 oktyabrgacha davom etishi ma’lum qilindi.

Avvalroq, oktyabr oyidan koronavirus pandemiyasi davrida tibbiyot xodimlariga talab yuqoriligini inobatga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘qish jarayonlarini qisman an’anaviy shaklga o‘tkazishga ruxsat berildi.