Surxondaryo viloyati hokimligi va davlat boshqaruvi organlari xizmat avtomobillarini sotib olish uchun qariyb 3 milliard so‘mga to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xaridlarini amalga oshirdi. Bunga Davletov.uz kanalida e’tibor qaratildi.

Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi 1 mlrd 194 mln so‘mga 3 ta Traiblazer (1; 2; 3.), 115,6 mln so‘mga bitta lasetti xarid qilgan. Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi 398 mln so‘mga Traiblazer, 380 mln so‘mgaПикап Isuzu D-MAX (IRBIS-AT) xarid qilgan. Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi 349 mln so‘mga Equinox xarid qilgan. Surxondaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 398 mln so‘mga Traiblazer xarid qilgan.

Moliya vazirligi munosabati va hujjatlarning soxtalashtirilishi

Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 2 apreldagi 154-sonli qaroriga asosan, belgilangan limit doirasida xizmatda foydalanish uchun transport vositalarini sotib olish O‘zbekiston byudjetidan mablag‘ oluvchi tashkilotlar tomonidan — faqat Moliya vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Surxondaryo viloyat Davlat soliq boshqarmasi tomonidan boshqarma balansidagi mavjud 2013 yilda ishlab chiqarilgan Nexia-2 rusumli avtotransport vositasi bugungi kunda eskirib yaroqsiz holga kelib qolganligi sababli uning o‘rniga belgilangan limit doirasida bir dona xizmat avtomashinasi xarid qilishga ruxsat so‘rab 2 oktyabrdagi 23−31631-sonli xat bilan vazirlikka murojaat qilingan.

Mazkur murojaatga javoban 9 oktyabrdagi YeS 8724-sonli javob xati bilan yuqoridagi avtotransport vositasini o‘rnatilgan tartibda sotish hamda uning o‘rniga belgilangan limit doirasida Soliq organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir dona O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Nexia-3 rusumli xizmat avtomashinasi xarid qilishga e’tirozi yo‘qligi ma’lum qilingan.

Xatning asl nusxasini QR-kodni o‘qitish orqali ko‘rish mumkin. Rasmni kattartirish uchun ustiga bosing.

«Moliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat surishtiruviga asosan, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan xat, xususan, Surxondaryo viloyat G‘aznachiligiga taqdim etilgan Moliya vazirligining yuqorida qayd etilgan 2020 yil 9-oktyabrdagi YeS 8724-sonli xati o‘zgartirilganligi, ya’ni „„Neksiya-3“ rusumli“ so‘zlari chiqarib qalbakilashtirilganligi aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Moliya vazirligi yuqoridagilarni inobatga olib, ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga vakolati doirasida Moliya vazirligining javob xatiga o‘zgartirish kiritgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi yuzasidan murojaat yo‘lladi.

DSQ ham mazkur davlat xaridiga munosabat bildirib, hujjat qalbakilashtirilganini ko‘rsatib o‘tdi.