Jons Xopkins universiteti (AQSH) ma’lumotlariga ko‘ra, Italiya COVID-19 bilan kasallanganlar bemorlari soni 1 milliondan oshgan o‘ninchi, Yevropa bo‘yicha esa beshinchi mamlakatga aylandi. Shuningdek, bu ko‘rsatkichga Meksika (986 ming) va Peru (925 ming) mamlakatlari yaqin turibdi.

Italiyada so‘nggi ikki kun ichida koronavirus bilan kasallanish darajasi keskin oshib ketishi oqibatida infeksiya yuqtirish holatlari 1 mln 28 mingga yetdi. Fransiyada (1,9 mln) esa vaziyat yomonlashuvi sabab bemorlar soni bo‘yicha Rossiyani (1,8 mln) ortda qoldirdi. Yevropa bo‘yicha keyingi eng yomon ko‘rsatkichlar Ispaniya (1,4 mln) va Buyuk Britaniya (1,2 mln) mamlakatlariga tegishli.

Eng yomon vaziyat hamon AQSHda bo‘lib turibdi. Avvalroq AQSHda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 10 mln dan oshgani haqida xabar bergan edik.

O‘ntalikka, shuningdek, Hindiston (8,68 mln), Braziliya (5,74 mln), Argentina (1,27 mln), Kolumbiya (1,16 mln) mamlakatlari ham kirgan.

Hozirda dunyo bo‘ylab 52 mln dan ortiq inson COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan. Shulardan deyarli 34 mln nafari to‘liq tuzalgan va 1,28 mln bemor vafot etgan.