«Kun.uz» nashrining xabar berishicha, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov shaharlardagi piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘laklarning qoniqarsiz ahvolda ekanligi va bu aholiga katta noqulayliklarni keltirayotganligi haqida gapirib o‘tdi.

11 noyabr kuni Toshkentda viloyat hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun tashkil etilgan o‘quv-seminarining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ko‘chalardagi piyoda va veloyo‘laklar qoniqarsiz ahvolda ekanligiga alohida e’tibor berish zarurligini ta’kidladi.

«Yoshlarimiz, boshqa katta yoshli aholimiz ham jismoniy mashg‘ulot bilan shug‘ullangisi keladi. Lekin joy yo‘q. Men o‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, bir nechta viloyat rahbarlari bilan ko‘chalarda yurib ko‘rdik. Uzoq bir qishloqni aytmayapman, yirik shaharlarimizdagi holat ham yurib bo‘lmaydigan darajada. Na yugursa bo‘ladi, na velosipedda yursa. Belgilangan yo‘l belgilari yo‘q. Velosipedda yuraman desangiz, har o‘n metrda yo ariq uchraydi, yo yo‘l buzilgan bo‘ladi, yo zina chiqib qoladi va hokazo. Samarqandni misol qilsak, viloyat hokimi shahar va tuman rahbarlari bir hafta ko‘chalarni piyoda aylansin, deb qaror chiqardi. Nimaga viloyat hokimi shunaqa qaror qildi? Negaki, kattakon rahbarlar mashinada yuraversa, oddiy odamlarimiz, fuqarolar piyoda yurayotgan yo‘laklar yoki veloyo‘laklar qanaqa holatda ekanini bilmaydi-da. Ular ko‘chalardan mashinani vang‘illatib hamma yoqni chang bostirib o‘tib ketadi. Nima degani bu? Umuman, bilmadim bu qanaqa holat bo‘ladi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 mayga qadar har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari»ni tashkil etiladi. Bunda, quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • piyodalar va velosiped yo‘laklarining umumiy uzunligi 3−5 kmni tashkil etishi hamda o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lishi;
  • zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorug‘lik qaytaruvchi, yo‘laklarning boshlanishi, oralig‘i va yakunini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari bilan to‘liq ta’minlanishi;
  • piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlarini yaratish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «to‘siqsiz muhit» tashkil etish.