Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida O‘rmon xo‘jaligi texnikumi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021−2022 o‘quv yilidan Toshkent tumani o‘rmon xo‘jaligi kolleji negizida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi O‘rmon xo‘jaligi texnikumi tashkil etiladi. Texnikum respublikadagi o‘rmonchilik sohasidagi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch o‘rta maxsus professional ta’lim muassasasi bo‘ladi.

Texnikumda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim bosqichlarida oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bilan integratsiyalashgan dasturlar asosida kadrlar tayyorlanadi.

Texnikumda ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlarini joriy etishni muvofiqlashtirish Toshkent davlat agrar universiteti, unga metodik rahbarlik qilish esa — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘rmon xo‘jaligi texnikuminining faoliyat yuritishi va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar tayyorlash harajatlari davlat byudjeti, O‘rmon xo‘jaligi rivojlantirish jamg‘armasi, to‘lov-kontrakt asosida tushgan tushimlar, xayriya pullari va moliya institutlari grantlari tomonidan amalga oshiriladi.