Ijtimoiy tarmoqlarda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev imzolagan xat surati paydo bo‘ldi. Unda maktablarda darslar boshlanishi oldidan o‘quvchi va o‘qituvchilar jo‘r bo‘lib madhiya kuylashi, tanaffus vaqtida esa vatan haqidagi qo‘shiq va she’rlar eshittirilishi kerakligi aytilgan. Ushbu hujjatning haqiqiyligini XTV matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Xatda «barcha umumta’lim muassasalarida har kuni dars boshlanishidan oldin sinf xonalarida (ikki smenali ta’lim muassasalarida ham darsdan oldin) O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini o‘quvchi va o‘qituvchilar tomonidan jo‘r bo‘lib kuylanishini hamda tanaffus vaqtlarida Vatan haqidagi qo‘shiq va she’rlarning (ta’lim muassasalarining imkoniyatlaridan kelib chiqib, radio tarmog‘i yoki ovoz kuchaytirgich orqali) eshittirilishini» tashkil etish so‘ralgan.

Foto: davletovuz Telegram kanalidan

Dilshod Kenjayevning Kun.uz nashriga bildirishicha, umumta’lim muassasalarida madhiyani kuylash, qo‘shiq va she’rlarni eshittirish o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, tanaffus vaqtida eshittiriladigan qo‘shiqlar — mashhur o‘zbek xonandalarning Vatan haqidagi kuy-qo‘shiqlari bo‘ladi.

«„Yangicha O‘zbekiston — yangicha dunyoqarash“ targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida o‘zbek adabiyotining namoyandalari — Cho‘lpon, Fitrat, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa yozuvchi, shoirlarning ijod namunalarini eshittirish tavsiya etilishi qayd etilgan. Ro‘yxatda 50 nafar ijodkorning she’rlari o‘rin olgan. Eshittiriladigan qo‘shiqlar ro‘yxatida esa 41 nafar xonandaning shuncha miqdordagi ijod namunasi keltirilgan», — dedi Dilshod Kenjayev.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyidan O‘zbekistonda «Yangicha O‘zbekiston — yangicha dunyoqarash» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar boshlangan edi.