Prezidentning 10 noyabrdagi «Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab Sirdaryo viloyati ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida tajriba tariqasida «To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» xonalari tashkil etilishi belgilanmoqda.

Ushbu xonalarda to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini yuritish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadi.

«To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» xonalari aholini to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollik masalalarida yakka tartibda profilaktik tadbirlarni olib boradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi 2022 yil 1 iyulga qadar eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilib chiqadi. Xonalarni respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Bundan tashqari, qarorga muvofiq, bolalarni 5 yoshgacha bo‘lgan davrda optimal rivojlanishi va o‘sishini ta’minlash maqsadida patronajning universal-progressiv modeli 2022 yil 1 yanvarga qadar bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Model doirasida:

  • homilador, tug‘ruqdan keyingi davrdagi ayollar va 5 yoshgacha bolalarga alohida patronaj hamshirasi biriktiriladi;
  • patronaj hamshirasi aholining holatini differensiallashgan yondashuv asosida kuzatib boradi;
  • holati qoniqarli barcha homilador va tug‘ruqdan keyingi davrdagi ayollar, 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalar yagona me’yor asosida bevosita kuzatiladi;
  • ruhiy tushkunlik holati, bolaning to‘g‘ri ovqatlanishi va rivojlanishi uchun sog‘lom muhitni ta’minlashda qiyinchiliklari mavjud xavf guruhidagi oilalarning har biriga individual reja asosida kengaytirilgan yordam ko‘rsatiladi.

Shu bilan birga, «Sog‘lom turmush tarzi» platformasida to‘g‘ri ovqatlanish bo‘limi yaratiladi. Unda insonning tana vazni indeksini va oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarning kaloriyasini hisoblab,kunlik ovqatlanish me’yori tavsiya etiladi.

Davlat rahbari 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgandi. Videoselektorda prezident 2021 yildan bolalar hamda 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarga vitamin, yod preparatlari, foliy kislotasi va ferrum bepul tarqatilishini ta’kidlagan edi.

Mazkur qarorda ham bu o‘z aksini topgan.

2021 yil 1 iyundan:

  • 6−23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
  • 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar «A» vitamini bilan;
  • 2−10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlanadi.

2022 yil 1 iyuldan:

  • homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3−15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan;
  • 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlanadi;

Shuningdek, 2021 yil 1 apreldan boshlab birinchi nav bug‘doy uni bilan bir qatorda oliy nav bug‘doy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.