O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 13,8 mln dollarlik 119 425 ta televizor, 5,2 million dollarlik 32 452 ta muzlatkich eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Televizorlar eksporti

Televizorlar eksportidan kelgan valyuta tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga oshdi.

Ma’lumotlariga ko‘ra, televizorlarning 32 foizi Ozarbayjonga, 24 foizi Qozog‘istonga, 21 foizi Rossiyaga va 8 foizi Ukrainaga eksport qilingan. Shuningdek, joriy yilda televizorlarning eksporti Qirg‘izistonga 2,2 barobarga va Tojikistonga 2,2 barobarga oshgan.

Muzlatkichlar eksporti

Muzlatkichlar eksportidan kelgan valyuta tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 58 foizga oshdi.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, muzlatkichlarning 44,6 foizi Tojikistonga, 17 foizi Qirg‘izistonga, 15 foizi Ozarbayjonga va 11 foizi Qozog‘istonga eksport qilingan. Shuningdek, ushbu davr mobaynida muzlatkichlarning eksporti Afg‘onistonga 28 barobarga, Turkmanistonga 30 barobarga va Rossiyaga 57,2 barobarga oshdi.

Ta’kidlash joizki, joriy yildan boshlab Gruziya va Turkiyaga televizor va muzlatkichlar eksporti yo‘lga qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar-avgust oylari yakuni bo‘yicha mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 2,45 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil etdi. Eng ko‘p savdo aylanmasi ulushi Xitoy, Rossiya va Qozog‘istonga to‘g‘ri kelgan edi. Bu davr mobaynida eksportning 50 foizini oltin, importning 37,8 foizini mashinalar va transport asbob-uskunalari tashkil etdi.