11 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Afg‘oniston Islom Respublikasi Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, suhbat chog‘ida turli sohalardagi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari holati va ularni yanada faollashtirish istiqbollari muhokama qilingan.

Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatish hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Muhokamalar chog‘ida transport, logistika, energetika, savdo va ta’lim sohalarida investitsiya va infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuvda Afg‘onistonda tez orada tinchlik va barqarorlikka erishish uchun mazkur mamlakatni Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlariga jalb qilishni jadallashtirishning muhimligi qayd etildi.